Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, xabar qildi O‘zA.

Nomzod saylovoldi dasturida birinchi Prezident boshlab bergan keng ko‘lamli islohotlarni izchil davom ettirish, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasini amalga oshirish, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

O‘zLiDePdan nomzod fuqarolarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini kuchaytirish, ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlash, yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, halol, o‘z Vatani va xalqiga sodiq kadrlarni tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratishga alohida e’tibor qaratgan.

Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini rivojlantirish, milliy valyutamiz, ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini yanada oshirish, uning soha va tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish, investitsiyaviy faollikni kuchaytirish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartish, xususiy mulkni rivojlantirish va uni himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.