12−13-noyabr kunlari Kochidagi (Hindiston) Rajiv Gandi nomidagi stadionda 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida kurash bo‘yicha sakkizinchi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada 26 mamlakatdan 400 ga yaqin sportchi ishtirok etdi, xabar qildi Xalqaro kurash assotsiatsiyasi.

Ikki kun davom etgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari 9 oltin, 3 kumush va 1 bronza medalini jamg‘argan holda umumiy hisobda birinchi o‘rinni band etdi. Keyingi o‘rinlarni esa Eron (2−3−1) va Yaponiya (0−1−1) egalladi.

Ruslan Bo‘riyev (60 kg), Shahram Ahadov (66 kg), Rahmutillo Nuriddinbekov (73 kg), Xusniddin Husanov (100 kg gacha), Bekmurod Oltiboyev (+100 kg), Mahliyoxon Yuldasheva (52 kg gacha), Muxlisa Abdumalikova (57 kg gacha), Umidaxon Mirhomidova (63 kg gacha) va Rahima Yuldasheva (78 kg) chempion bo‘ldi.

Abdulaliz Bo‘riyev (60 kg), Sadam Ahmetov (73 kg) va Sarvar Ikromov (90 kg gacha) kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Ro‘zimboy Eshchanov (90 kg gacha) “bronza” bilan cheklandi.

Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining eng yaxshi jamoasi nomi ham O‘zbekistonga nasib etdi.Bekmurod Oltiboyev esa eng yaxshi kurashni nomiga sazovor bo‘ldi.