«O‘zagroeksport» kompaniyasi Toshkentda bo‘lib o‘tgan birinchi Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida Rossiyaning X5 Retail Group (oziq-oziq chakana savdosi) va «Agro-Layn» (go‘sht, saryog‘ va baliq yetkazib beruvchisi) kompaniyalari bilan 117 mln dollarlik shartnoma imzoladi, xabar qildi tashqi tijorat kompaniyasi matbuot xizmati.

X5 Retail Group bilan muzokaralar bir necha oy davom etdi. Iyul oyda Rossiyaning yirik riteyleri vakillari O‘zbekiston hududlariga tashrif buyurib, taklif etilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari sifati va yetkazib beruvchilarning salohiyati bilan tanishgan edi.

X5 Retail Group «Pyaterochka» supermarketlari, «Karusel» gipermarketlari va «Perekrestok Ekspress» do‘konlari brendiga egalik qiladi.

«O‘zagroeksport» ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon O‘zbekistondan Rossiyaga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmi ikki barobarga oshdi.