Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Toshkent viloyatining Qibray va Zangiota tumanlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga 120 mln dollar miqdorida qarz ajratilishini tasdiqladi. Bank matbuot xizmatining xabar qilishicha, loyiha natijasida 260 mingdan ziyod kishi doimiy xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

OTB Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamentining shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Xao Chjanning so‘zlariga ko‘ra, loyiha uy xo‘jaligi va suv biznesi xarajatlarining qisqartirish, turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi. Viloyatda suv ta’minoti infratuzilmasining katta qismi ta’mirga muhtoj.

Suv ta’minoti tarmoqlari modernizatsiyasidan tashqari, loyihada mazkur ikki tumanda boshqaruv tizimini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston 1995 yildan buyon OTB a’zosi hisoblanadi. Bu vaqt davomida mamlakat bankdan kredit sifatida 5,1 mlrd dollar va 64,9 mln dollar texnik ko‘mak ko‘rinishidagi grantlarni qabul qilib olgan.