“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi aksionerlik jamiyatiga aylantiriladi, deyiladi 25-oktyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Prezidenti v. b.qarorida.

Hujjatda qurilish materiallari sanoati tuzilmasini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, texnologik va texnik qayta jihozlash uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hamda uning eksport potensialini oshirish, xalqaro talab va standartlarga muvofiq zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish bo‘yicha choralar ko‘zda tutilgan.

AJ vazifalari qatoriga qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va turlarini kengaytirish, sohaga energiya va resurslarni tejovchi ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish, sohani boshqarishga yuqori malakali, shu jumladan xorijiy menejerlarni keng jalb qilish va boshqalar kiritilgan.

“O‘zqurilishmateriallari” AJ tuzilmasida “QurilishmateriallariLITI” MCHJ ixtisoslashtirilgan loyiha ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Unga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, tadqiqot ishlarini olib borish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish sohasida yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.