11-noyabr kuni Filadelfiyada (AQSH) tashkil etilgan professional boks kechasida 10 ta jang o‘tkazildi. O‘zbek bokschisi Xurshidbek Normatov (3−0−0, 1 KO) ham mazkur turnirda qatnashdi.

24 yoshli bokschi 6 raundli jangda 35 yoshli amerikalik Lendvud Doyzer (10−14−2, 5 KO) bilan kuch sinashdi. Normatov bahsda vaziyatni to‘liq nazoratiga olib, aniq zarbalar berdi va yakunda hakamlar bir ovozdan uning foydasiga qaror qabul qildi — 60:54, 60:54, 60:54.

“Jang ancha murakkab kechdi, men muddatidan avval g‘alaba qozonishni istagan edim, ammo raqibim kuchli chiqib qoldi, — o‘z taassurotlarini „Gazeta.uz“ bilan o‘rtoqlashdi Xurshidbek Normatov. — Umuman olganda, chiqishimdan ko‘nglim to‘ldi. Yanada yirikroq turnirlarda chiqish va yaxshiroq jang qilish uchun yanada astoydil mehnat qilaman”.

Qayd etib tamiz, Normatov Fight Promotion promouterlik kompaniyasi bilan 15 jang uchun 3 yillik shartnoma imzolagan. 25-iyunda debyut jangini o‘tkazib, Romon Barberni (6−11−0, 5 KO) mag‘lubiyatga uchratdi, 23-sentyabrda esa ikkinchi jangida Tomas Bernardni (5−4−0, 3 KO) nokautga uchratib, jangni muddatidan oldin yakunladi.