O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Samimiy va xayrixohlik ruhida o‘tgan suhbat davomida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi. Tomonlar muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlarni kelgusida ham davom ettirishga kelishib oldi.

Van I O‘zbekiston bilan mamlakatlarning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladigan barcha istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha sheriklikni bundan buyon ham faol rivojlantirish va mustahkamlashdan, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining barqarorligi, xavfsizligi, izchil ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lidagi hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekistonning eng yirik savdo va sarmoyaviy sheriklaridan biridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard AQSH dollaridan, O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarga jalb qilingan Xitoy investitsiyalari va kreditlari hajmi 6,5 milliard dollardan oshadi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Toshkentga tashrif buyurishdan avval Samarqandda bo‘lib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi.