O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narimon Umarov 10-noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi. Partiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda 700 nafardan ziyod kishi ishtirok etdi.

Narimon Umarov saylovchilarga saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini bayon qilar ekan, xalq uchun munosib hayot sharoiti yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida aholining munosib ishtirokini ta’minlash, siyosiy islohotlarning yanada chuqurlashtirilishi, jamiyatda demokratik qadriyatlarning mustahkamlanishi va rivojlanishi, adolat, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi ta’minlanishi uchun bor kuchini safarbar etishga va’da berdi.

“Adolat” partiyasidan prezidentlikka nomzod aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, uy-joy sotib olish va qurish uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlash jarayonini takomillashtirish va foizlarini optimallashtirish, uy-joy bozoridagi firibgarliklar uchun javobgarlikni va nazoratni kuchaytirish, uy-joy-kommunal kompleksi ishini yanada yaxshilash, aholi uchun belgilanayotgan kommunal to‘lovlar miqdorini doimiy nazoratda tutish, bu sohalarda aholiga xizmat ko‘rsatadigan muqobil tashkilotlar o‘rtasidagi raqobatni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirishini qayd etdi.

Shu bilan birga, bunyod etilayotgan zamonaviy uy-joylarning loyihasini ishlab chiqishda ularga innovatsion, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.