10-noyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashuvdi, xabar qilindi partiya saytida.

Nomzod o‘z so‘zida turizm viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini aytib o‘tdi. Turizm respublikaning barcha hududlari qatori Buxoroda ham bugungi kunda muhim bo‘lib turgan qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiy faol aholining bandligini oshirish, aholi farovonligini yuksaltirish hamda infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Sarvar Otamuratov o‘z saylovoldi dasturida sayyohlik infratuzilmasining yanada rivojlanishini, sayyohlar uchun mo‘ljallangan ob’ektlarning har tomonlama maqbul bo‘lishini, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirishni, sayyohlik industriyasi bilan bog‘liq xizmatlarning turli sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishni ta’minlash kabi vazifalar belgilanganligini alohida e’tirof etdi.

Nomzod Buxoro tarixini yanada mukammal, xolisona tadqiq etish, yosh qadimshunos kadrlar tayyorlash muhim va dolzarb masala sanalishini ta’kidlab o‘tdi.

Nomzod fikriga ko‘ra, erta turmush va erta tug‘ruqlarning oldini olish borasida aniq va ta’sirchan choralar ko‘rish, bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholida erta nikohga nisbatan murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish lozim.

Uchrashuvda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod barkamol avlod tarbiyasi haqida gapirar ekan, yoshlarning ma’naviy kamoloti bilan bir qatorda ularning jismonan yetukligiga ham alohida e’tibor qaratish zururligini ta’kidladi.