O‘zbekiston milliy axborot agentligi mamlakat rahbariyati, jumladan, bosh vazir Shavkat Mirziyoyev,Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammadali Ahmedov va boshqalar nomidan shoir Abdulla Oripov vafoti munosabati bilan ta’ziyanoma e’lon qildi.

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli jamoat arbobi Abdulla Oripov 75 yoshida Xyustonda (AQSH) vafot etdi. Uning dafn marosimi payshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi.

Abdulla Oripov 1941 yili Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida tug‘ildi. 1963 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomladi.

U o‘z mehnat faoliyatini «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim sifatida boshladi. Keyinchalik mamlakatimizning turli nashriyotlarida muharrir, «Gulxan» jurnali bosh muharriri, Mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi direktori vazifalarida mehnat qildi. Ko‘p yillar mobaynida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat ko‘rsatib, adabiy maslahatchilikdan ushbu nufuzli ijodiy tashkilotning raisi lavozimigacha bo‘lgan mas’uliyatli yo‘lni bosib o‘tdi.

«Ulkan so‘z san’atkori, nodir iste’dod egasi Abdulla Oripovning betakror ijodi teran milliy ruhi va hayotiyligi bilan o‘zbek adabiyoti xazinasidan munosib va mustahkam o‘rin oldi. U o‘zining sermazmun, badiiy yuksak she’r va dostonlari, dramatik va publitsistik asarlarida ona yurtimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg‘usini beqiyos mahorat bilan tarannum etdi» — deyiladi ta’ziyanomada.

«Abdulla Oripov mustaqil Vatanimiz — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi sifatida el-yurtimiz qalbidan chuqur joy egalladi», — davom ettiriladi unda.

Atoqli shoir yarim asrlik serqirra ijodiy faoliyati davomida «Mitti yulduz», «Ko‘zlarim yo‘lingda», «Onajon», «Ruhim», «Yurtim shamoli», «Hayrat», «Yillar armoni», «Hikmat sadolari», «Ezgulik», «Shoir yuragi», «Men nechun sevaman O‘zbekistonni», «Istiqlol manzaralari», «Ranglar va ohanglar», «Menga xush xabar ayt», «Everest va ummon» kabi she’riy kitoblari, «Hakim va ajal», «Jannatga yo‘l», «Sohibqiron» singari chuqur falsafiy ruhdagi dramatik asarlari, jahon adabiyotining Dante, Aleksandr Pushkin, Taras Shevchenko, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyev kabi mumtoz namoyandalari merosidan qilgan badiiy yetuk tarjimalari bilan ulkan ijodiy maktab yaratdi. Uning turli janrdagi o‘nlab asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilindi.

«Ayniqsa, istiqlol yillarida Vatanimiz ozodligini, xalqimizning erkin va obod hayotini, milliy g‘urur, inson sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lovchi she’r va dostonlari, zamondoshlarimizning olijanob fazilatlari va fidokorona mehnati haqidagi publitsistik chiqishlari bilan jamoatchilik e’tiborini qozondi», — deyiladi ta’ziyanomada.

Abdulla Oripov ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati va Senati a’zosi sifatida ham samarali faoliyat olib bordi. U «O‘zbekiston xalq shoiri», «O‘zbekiston Qahramoni» faxriy unvonlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti va «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan edi.