Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Dasturda keng ko‘lamli iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni izchil davom ettirish, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan munosib o‘rin olish, aholi farovonligi va hayot darajasini yanada oshirishga doir strategik maqsadlar o‘z ifodasini topgan.

Davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qayta ko‘rib chiqish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik uchun yanada keng yo‘l ochib berish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash va eksport hajmini ko‘paytirish, fermerlik harakatini yangi bosqichga ko‘tarish, mahalliylashtirish dasturlarini izchil davom ettirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.

Videokonferensiya shaklida o‘tgan uchrashuvda Nukus shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlari markazidan saylovchilar ishtirok etdi.