Bir kishi barcha oila a’zolari uchun «oilaviy» ovoz berish holatlarini bartaraf etish maqsadida butun O‘zbekiston bo‘ylab 100 ming nusxada tashviqot plakatlari chop etilib, ularni odamlar gavjum maskanlarda joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Milliy saylov amaliyoti tarixida birinchi bor Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi qabul qilindi. Unda aholining qariyb barcha qatlami: xotin-qizlar, yoshlar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, harbiy xizmatchilar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mehnat jamoalari, o‘quv muassasalari vakillari hamda chet eldagi fuqarolarning ham qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.

Jamoat tashkilotlari va jamg‘armalar davlat organlari bilan hamkorlikda «O‘zim ovoz beraman», «Oilamizda har kim o‘z ovoziga ega», «Mening ovozim — mamlakatim kelajagi», «Tanlash huquqiga egamiz», «Saylovchilar ro‘yxatida o‘zingni top» kabi aksiyalar o‘tkazilmoqda.

Targ‘ibot tadbirlari davra suhbati, seminar, uchrashuv, bevosita muloqot, konferensiya, trening shaklida, ommaviy axborot vositalari orqali maqola, eshittirish va ko‘rsatuvlar e’lon qilish, turli risola, flayer va boshqa targ‘ibot materiallarini tayyorlash orqali amalga oshirilmoqda.