O‘zbekiston kasaba uyushmalari va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) seminarida paxta kampaniyasi vaqtida o‘tkazilgan bolalar mehnati va majburiy ishga jalb qilish bo‘yicha milliy monitoringning dastlabki natijalari ma’lum qilindi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, milliy monitoringni o‘tkazish uchun 11 ta hududiy ishchi guruhi tashkil etilib, ularning yetakchilari XMT ekspertlari ishtirokidagi o‘quvlarda qatnashdi.

Monitoring guruhlari respublikaning barcha hududlaridagi korxonalar, tashkilot va muassasalar, fermer xo‘jaliklari, paxta maydonlariga tasodifiy tartibda tashrif buyurdi. Kuzatuvlar nafaqat bolalar mehnati va majburiy ishga jalb qilish, balki terimchilarga yaratilgan mehnat sharoitlari, to‘lov va dam olishi masalalari bo‘yicha ham olib borildi. Monitoring davrida hududiy guruhlar 6615 nafar respondent bilan intervyu o‘tkazdi.

Kuzatuvchilar ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilgi paxta terimi mavsumi boshlanishiga qadar hamda ushbu davr mobaynida mutasaddi tashkilotlar tomonidan bolalar mehnatidan foydalanish va majburiy ishga jalb qilish holatlari sodir etilmagan. Tibbiyot va ta’lim muassasalarining uzluksiz ishlashi ta’minlandi. Transport, bozor, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari, dorixonalar normal tartibda faoliyat ko‘rsatdi.

Ta’lim muassasalari o‘quvchilari vaqtini samarali tashkil etish bo‘yicha o‘qishdan tashqari vaqtlarda to‘garak va sport seksiyalari tashkil etildi. O‘rta ta’lim muassasalarida davomat 93,8 foizni tashkil etgan.

Paxta terimchilari issiq ovqat va toza ichimlik suvi bilan ta’minlanib, ular uchun yong‘in xavfsizligi va sanitar-gigiyenik sharoitlar yaratildi, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirildi, qayd etildi seminarda.

Respublikaning barcha tuman va shaharlarida terimchilarning paxta yig‘im-terim ishlariga erkin tarzda yollanishi to‘g‘risidagi 500 dan ziyod banner hamda e’lonlar o‘rnatildi. Korxona va tashkilotlarda bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi 44,5 ming plakatlar joylashtirilib, ish beruvchilari va fermerlar o‘rtasida mehnatga majburiy jalb qilish va bolalar mehnatidan foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik to‘g‘ridagi 100 ming flayer tarqatildi.