So‘nggi yillarda bolalar va yoshlarning kitobga kiziqishi kamayib ketgani to‘g‘risida gap-so‘zlar tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Axborot texnologiyalarining keng tarqalishi hamda axborot olish va ko‘ngil yozish uchun yangidan-yangi vositalarning paydo bo‘lishi natijasida ko‘plab ota-onalar farzandini kitob mutolaasiga jalb etishga qiynalmoqda. Mazkur masala O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar saylovoldi dasturidan ham o‘rin oldi.

“Yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, aholining kitobxonlik ko‘nikmasini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratamiz”, — deyiladi O‘zLiDePdan nomzod Shavkat Mirziyoyev dasturida. Bundan tashqari, u “milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini Internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilish ishlariga” ham urg‘u qaratgan.

“Milliy tiklanish” partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratov ham yosh avlodni kitobga muhabbat ruhida tarbiyalashni qo‘llab-quvvatlashini belgilab olgan. Buning uchun u O‘zbekiston xalqining tarixi, ma’naviy-madaniy merosiga doir adabiyotlarni nashr etish bilan shug‘ullanayotgan mualliflar, bosmaxonalar, nashriyotlarni iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish, ularga soliq va boshqa to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berishni taklif qilmoqda.

“Gazeta.uz” o‘quvchilarning bu boradagi fikrini o‘rganishga qaror qildi: Siz yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi tushib ketgan deb hisoblaysizmi? Sizningcha yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasini kuchaytirish uchun nima qilish kerak?

O‘z fikr-mulohazangizni quyida yozish yoki ushbu havola orqali maxsus so‘rovnomani to‘ldirishingizni so‘raymiz. Javoblaringiz O‘zbekiston hukumatida tashkil etilgan maxsus ishchi guruhiga o‘rganish uchun taqdim etiladi.