O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narimon Umarov Buxoro viloyati saylovchilari bilan 9-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Ijtimoiy tenglik — teng huquq va teng mas’uliyat demakdir” degan tamoyiliga tayangan holda fuqarolarning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy tengligi uchun kurashishini ma’lum qildi. Bu xaqda partiya matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Narimon Umarov har bir fuqaro qobiliyati va malakasidan kelib chiqqan holda mehnat qilishi kafolatlanadigan, mehnatining miqdori va sifatidan kelib chiqqan holda munosib ish haqi va hayot darajasiga erishishi uchun keng va teng imkoniyatlar yaratilgan ijtimoiy davlat qurishni o‘z oldiga belgilab olgan.

Nomzod tomonidan ilgari surilgan aholining barcha ijtimoiy qatlamlari o‘z vaqtida, muntazam, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini ta’minlash g‘oyasi uchrashuv ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Narimon Umarov Buxoro viloyatining tabiiy iqlim sharoitini, yer va suv resurslarining sho‘rlanish darajasi yuqoriligini inobatga olgan holda hududda tibbiy xizmat darajasi va sifatini yanada oshirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Shu bilan birga, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini kuchaytirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish masalalari prezidentlikka nomzodning e’tibori markazida bo‘lishi alohida qayd etildi.

Narimon Umarovning bugungi kunda aholi o‘rtasida talab oshib borayotgan tibbiy muolajalarga, xususan, transplantologiyaga, ekstrakorporal urug‘lantirish va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlarga ruxsat berish tarafdori ekanligi, qolaversa, xorijning yetuk tibbiyot markazlari bilan hamkorlik o‘rnatish, chet el vrachlarini O‘zbekiston tibbiy muassasalarida jarrohlik operatsiyalari o‘tkazish amaliyotini kengaytirish, ularni doimiy asosda ishga taklif qilish orqali milliy mutaxassislar malakasini oshirishga doir takliflari saylovchilar tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.