Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 8-noyabr kuni Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, xabar qildi O‘zA.

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi. Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan.

Saylovoldi dasturida ijro hokimiyati faoliyati samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, sud hokimiyatining mustaqilligini va odil sudlovni ta’minlash, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish, ozuqabop va eksportbop ekinlarni ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash, hayot sifati va farovonligini yuksaltirish kabi muhim masalalar o‘z ifodasini topgan.

Uchrashuv videokonferensiya shaklida o‘tdi. Samarqand shahri va viloyatning barcha tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.