O‘zbekiston prezidentligiga O‘zbekiston xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov 9-noyabr kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Partiya matbuot xizmatining xabar qilishicha, viloyatning Ma’naviyat va ma’rifat markazi katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuv bir vaqtning o‘zida viloyatning barcha tumanlaridagi saylovchilar bilan video-konferensiya shaklida tashkil etildi.

Xatamjon Ketmonov dastlab Xorazm viloyati haqida so‘z olib, bu zaminning Buyuk Ipak yo‘lining markaziy tarmoqlari kesishgan nuqtalardan biri bo‘lgani, dunyo tamadduni uchun ahamiyatli qator olamshumul va buyuk kashfiyotlar amalga oshirilgani va boshqa ko‘plab misollarni tilga oldi. Bularning barchasi Xorazm elining bugungi taraqqiyoti va ulug‘ligining asosiy omili va mustahkam zamini ekanligini, bu zamin xalqi azaldan faqat bugungi kunni emas, balki uzoq kelajakni ko‘zlab ish tutishini ta’kidladi.

Nomzod o‘z saylovoldi dasturi bilan yig‘ilganlarni tanishtirar ekan, unda avvalo, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga qat’iy amal qilinishi, milliy manfaatlarga sodiqlik, mamlakat mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta’minlash, fuqarolararo va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash orqali O‘zbekistonning bosh strategik maqsadi — rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassamligini tilga oldi.