O‘zbekiston kelajagi — innovatsion iqtisodiyotda, ma’lum qildi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narimon Umarov 8-noyabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

Narimon Umarov faqat yangi texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotgina davlat qudratini oshirib, xalq farovonligi va jamiyatning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Nurota tumani hokimiyati majlislar zalida onlayn videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda tuman, shaharlardagi uchrashuv joylaridan jami 2500 nafarga yaqin saylovchi ishtirok etdi.

Nomzod maxsus kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilishga doir rejalarini ma’lum qildi. Mazkur hujjatda innovatsion faoliyatning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, innovatsiya va innovatsion infratuzilmalarning yagona vakolatli organini ta’sis etish, Innovatsiya jamg‘armasini tuzish kabi ustuvor vazifalarni belgilashni maqsad qilingan.

Prezidentlikka nomzod Navoiy shahri respublikadagi sanoatlashgan hudud ekanligiga qaratar ekan, yirik sanoat korxonalarining shahar ekologiyasi va atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish yuzasidan o‘z takliflarini ilgari surdi.

U ekologiya sohasini kompleks rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqib, uni hayotga tatbiq etishini ma’lum qildi. Dasturda, xususan, tabiatning sanoat korxonalari tomonidan ifloslanishini kamaytirish, chang va zaharli moddalarni ko‘p yutuvchi daraxtlar soni va turini oshirish, shaharlar va sanoat korxonalari atrofida yashil zonalar barpo etish orqali atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga qaratilgan aniq mexanizmlar belgilanishini qayd etdi.

Bu boradagi vazifalar shaharlar havosining musaffoligini ta’minlash hamda fuqarolar salomatligini muhofaza qilishda dolzarb ahamiyat kasb etadi, ta’kidladi nomzod.