O‘zbekistondagi to‘rtta OTM Erasmus+ dasturi bo‘yicha Yevroittifoq universitetlari bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi, xabar qildi YeIning Toshkentdagi delegatsiyasi “Gazeta.uz"ga. Bu yerda gap Guliston davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali, Navoiy davlat pedagogika instituti va Nukus davlat pedagogika instituti haqida ketmoqda.

Erasmus+ dasturi tanlovi yakunlari bo‘yicha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining yangi loyihasini moliyalashtirilish belgilab olingan bo‘lib, uning bazasida yangi Jan Monne nomidagi Yevropa huquqi va siyosati kafedrasi tashkil etilib, magistrlar uchun yangi fanlararo kurs tashkil etiladi.

Joriy yilda Erasmus+ uchun O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari salohiyatini oshirish bo‘yicha yettita loyiha tasdiqlandi. YeIning 15 davlatidagi 23 universitet Toshkentdagi 6 ta, hududlardagi 16 ta OTM bilan hamkorlikni amalga oshiradi. O‘zbekistondagi 38 ta OTMning 240 nafardan ziyod vakili 45 ta Yevropa universitetida malaka oshirib, tahsil oladi. Yevropadan esa 100 nafarga yaqin o‘qituvchi va doktorantlar O‘zbekistonga tashrif buyurib, ma’ruza o‘qiydi, tadqiqot olib boradi va tajriba almashadi.