29-oktyabr kuni Yekaterinburgda (Rossiya) professional boks bo‘yicha xalqaro “Ratiborets-4” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Kechada to‘qqiz boks juftligi, jumladan, uch nafar O‘zbekiston vakili ringga ko‘tarildi, xabar qildi tashkilotchilar “Gazeta.uz"ga.

Dostonbek Turdiyev (3−0−0, 3 KO) birinchi raundda rossiyalik Sergey Danilovni (0−1−0) texnik nokautga uchratdi. 25 yoshli sportchi professional ringdagi barcha uch bahsda muddatidan oldin g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Jaxongir Qurbanov (1−0−0, 1 KO) professional ringdagi ilk chiqishini muvaffaqiyat bilan yakunladi. U to‘rtinchi raunddan so‘ng jangni davom ettirishdan bosh tortgan Rossiya vakili Anis Abdulllin (0−3−0) qarshiligini yengib o‘ta oldi.

22 yoshli shahrisabzlik Feruzbek Yuldashev (7−1−0, 2 KO) esa hakamlar qaroriga ko‘ra rossiyalik bokschi Musaib Asadov (1−5−0) ustidan g‘alaba qozondi.