Axborot texnologiyalari kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tarkibidagi UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markaziga Husan Isayev rahbar etib tayinlandi. 7-noyabr kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Xurshid Mirzohidov jamoaga yangi direktorni tanishtirdi, xabar qilindi markaz blogida.

Husan Isayev (1972-yil tug‘ilgan) 2014-yil martidan “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Toshkent aloqa elektrotexnika institutini (2000-yil) telekommunikatsiya, Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasi Oliy biznes maktabini menejment yo‘nalishida (2006-yil) tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1993- yilda elektromexanik lavozimida boshlagan. Turli yillarda “O‘zbektelekom” kompaniyasida bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori yordamchisi, bosh vazir o‘rinbosari yordamchisi, O‘zAAA litsenziyalash va standartlashtirish bo‘limi boshlig‘i hamda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsion texnologiyalar davlat qo‘mitasi litsenziyalash va litsenzion shartnomalar ijrosini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

UZINFOCOM markaziga o‘tgan yilning martidan buyon G‘ayratxo‘ja Saydaliyev rahbarlik qilib kelayotgan edi.