5-noyabr kuni O‘zbekiston prezidentligiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratov Namangan viloyatidagi saylovchilar va keng jamoatchilik bilan uchrashdi, xabar qildi partiya matbuot xizmati.

Nomzodning saylovoldi dasturida aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirish — ijtimoiy sohadagi ustuvor strategik maqsad sifatida belgilangan.

Namangan viloyatida 118 ta kasb-hunar kolleji va akademik litsey mavjud bo‘lib, ularning qariyb 70 foizi qishloq joylarida. Sarvar Otamuratov olis va yetib borish qiyin bo‘lgan joylardagi kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilarini imtiyozli transport qatnovi bilan ta’minlashni taklif etdi.

Nomzodning saylovoldi dasturida O‘zbekiston shaharlarining milliy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish, arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash, qayta ta’mirlashga ko‘maklashish asosiy o‘rin egallagan. Sarvar Otamuratov Namangan viloyatidagi Mug‘qal'a va Axsikent kabi tarixiy yodgorliklar, bundan ikki ming yillar avval pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan Koson-Axsikent yer osti suv tarmog‘i to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Namangan viloyati hunarmandlari, jumladan, Chust tumanida istiqomat qilib, pichoqdo‘zlik va do‘ppido‘zlik kabi milliy hunarmandchilik turlarini avloddan-avlodga yetkazib kelayotgan ustalar to‘g‘risida so‘zlar ekan, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tdi.