Toshkent metropoliteni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksionerlik jamiyati tashkiliy tuzilmasidan joy oldi. 28-oktyabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarorida (PDF) ushbu o‘zgarish ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari"ning yangilangan tashkiliy tuzilmasida metropoliten boshlig‘i AJ raisi o‘rinbosari etib belgilangan. Avvalroq esa Toshkent metropoliteni poytaxt yo‘lovchi transportlarini boshqaruvchi “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi tarkibiga kiritilgan edi.

Ayni paytda “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan Chilonzor yo‘nalishining “Olmazor” bekatidan Sergeli tumaniga eltuvchi yer usti metrosi qurilishi boshlab yuborilgan. Shuningdek, Yunusobod tarmog‘i qurilishini yakuniga yetkazish bo‘yicha ham ishlar davom ettirilmoqda.

Sergeli tarmog‘ining uzunligini 7,1 km bo‘lib, oltita bekatga ega bo‘ladi (qurilish to‘rt yil davom etadi). Yunusobod tarmog‘ida esa “Shahriston” bekatidan “Turkiston” stansiyasigacha bo‘lgan 2,7 kilometrlik oraliqda yana bir bekat joylashadi (loyihaning qachon yakuniga yetkazilishi hozircha ma’lum emas).

Toshkent metrosi 1977-yilda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib ishga tushirilgan. Uning uzunligini 12,2 kilometrni tashkil etib, stansiyalar soni 9 ta edi (hozirgi Chilonzor tarmog‘i). 2001-yil sentyabrda oltita bekatga ega uchinchi yo‘nalish — 7,6 km uzunlikdagi Yunusobod yo‘li foydalanishga topshirildi. Ayni paytda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan uch tarmoqning umumiy uzunligi 36,2 km bo‘lib, ularda 29 bekat joy olgan.