5 noyabr kuni O‘zbekiston xalq shoiri, davlat va jamoat arbobi, mamlakat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda shoir Xurshid Davron Facebook`dagi sahifasida xabar qildi.

Abdulla Oripov tonggi 5:45 da Xyustondagi (AQSH, Texas shtati) shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi. U 3 noyabr kuni kechqurun koma holatiga tushib qolgan edi.

Shoir qizi Mavluda Oripova istiqomat qiladigan Xyustonga ikki oy muqaddam borgan edi. O‘tgan yili esa xuddi shu shifoxonada davolangan.

ZiyoNET sayti ma’lumotiga ko‘ra, Abdulla Oripov 1963 yilda universitetni a’lo baholarga tamomlab, «Yosh gvardiya» nashriyotida muharrir, o‘ngra G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot muharriri, bosh muharrir, «Sharq yulduzi» jurnalida bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

1976 yildan 1982 yilgacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, so‘ngra — Toshkent viloyat bo‘limi kotibi (1982−1983), «Gulxan» jurnali bosh muharriri (1983−1985), 1985 yildan — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kotibi, 1996 yildan 2009 yilgacha — rais vazifasida faoliyat ko‘rsatdi. 1988 yilda O‘zbekiston Mualliflik huquqini himoya qilish qo‘mitasi raisi sifatida tayinlandi.

Abdulla Oripov 1998 yilda O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlandi.

Abdulla Oripovning ijodi talabalik yillarida boshlangan bo‘lib, uning birinchi she’rlar to‘plami «Mitti yulduz» 1965 yili chop etilgan. Keyin shoirning «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1967), «Onajon» (1969), «Ruhim» (1971), «O‘zbekiston», «Qasida» (1972), «Xotirot» (1974), «Yurtim shamoli» (1974), «Hayrat» (1979), «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983) she’riy to‘plamlari bosilib chiqdi.

Abdulla Oripov «Jannatga yo‘l» (1978), «Tabib va o‘lim» (1980), «Sohibqiron», asarlari muallifidir. 2000−2001 yillarda Abdulla Oripovning to‘rt tomlik «Tanlangan asarlar"i nashrdan chiqdi.

Abdulla Oripov — Oliy Kengashning 1992 yil 10 dekabrdagi 11-sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi.

Shoir Dantening «Ilohiy komediya"si, Nekrasov, Shevchenko, Kuliyev va ko‘plab mualliflarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.