Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo shaharlari hukumatlarini imkon qadar ko‘proq yashil hududlar tashkil etishga chaqirdi. Bu yerda gap istirohat bog‘lari va xiyobonlar haqida ham, uncha katta bo‘lmagan yashil burchaklar haqida ham ketmoqda, deya xabar tarqatdi BMT Yangiliklar markazi.

Yangi “Shaharlardagi yashil hududlar va salomatlik” hisoboti (ingliz tilida) mualliflari yashil hududlar stressdan xalos bo‘lishga yordam berib, jismoniy faollik uchun imkoniyat yaratadi, degan xulosaga keldi.

Tabiat qo‘ynida bo‘lish odamlarga havoning ifloslanishi, shovqin va yuqori harorat kabi turli zararli omillar ta’sirini birmuncha bartaraf etishga imkon tug‘diradi.

BMT mutaxassislarining qayd etishlaricha, shaharliklar o‘zlari yashaydigan joylar yaqinida yashil hududlar bo‘lishidan ehtiyojmand. Sport o‘yinlari uchun maydonchalar singari jamoat joylarini ham faol dam olish uchun ko‘kalamzorlashtirish taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, dunyo yetakchilari 2015 yilning sentyabridagi BMT sammitida imzolagan 2030 yilgacha barqaror taraqqiyot sohasi kun tartibida barcha, jumladan, ayollar va bolalar, keksalar hamda nogironlar uchun xavfsiz, ochiq va borish yengil bo‘lgan yashil hududlar va jamoat dam olish joylarini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.

“Gazeta.uz” avvlroq Toshkentda jamoatchilik uchun qulay va xavfsiz bo‘lgan maskanlar yetishmasligi masalasini ko‘tarib chiqqan edi. Mazkur muammo O‘zbekistonning barcha hududlari uchun dolzarb bo‘lib turibdi.