O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 27 oktyabr kuni “Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shahar va tumanlari hokimlarining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qarorni e’lon qildi. Hujjat 25 oktyabr kuni bosh vazir Shavkat Mirziyoyev ishtirokida hukumat rahbari virtual qabulxonasi faoliyatining bir oyligi tahlil qilingan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qabul qilindi.

Hujjatda fuqarolarning aksariyat murojaatlarida davlat organlarining bevosita vakolatlariga daxldor bo‘lgan masalalar ko‘tarilgan bo‘lib, ularning tizimida yo‘l qo‘yilayotgan ayrim muammo va kamchiliklar, murojaatlarni o‘z vaqtida qonuniy ko‘rib chiqilmaganligi to‘g‘risida vajlari ko‘rsatilgan.

Qarorda keltirilgan statistikaga ko‘ra, 2016 yilning 9 oyida respublikadagi barcha davlat organlari va mahalliy hokimliklarga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 338,2 mingta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 foizga ko‘paygan. Shu jumladan, Vazirlar Mahkamasida murojaatlar soni — 16,3 mingtani, viloyat hokimliklarida — 50,0 mingtani, shahar va tumanlar hokimliklarida — 200,8 mingtani hamda vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruv organlarida — 71,2 mingtani tashkil etgan.

Hududlar kesimi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslardan eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahar (14,8 mingta yoki 29,9%), Toshkent (5,9 mingta yoki 12,0%), Samarqand (4,1 mingta yoki 8,3%), Andijon (3,5 mingta yoki 7,2%), Namangan (3,3 mingta yoki 6,8%), Qashqadaryo (2,8 mingta yoki 5,7%) va Surxondaryo (2,7 mingta yoki 5,6%) viloyatlari hokimliklariga tushgan.

Vazirlik, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlariga kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi Adliya (10,0 mingta), Mehnat (4,4 mingta), Moliya (3,8 mingta), Xalq ta’limi (2,1 mingta) vazirliklariga, Davlat soliq (6,2 mingta), Davlat raqobat (3,7 mingta) qo‘mitalariga, “O‘ztransgaz” (4,3 mingta), “O‘zavtosanoat” (3,1 mingta) kompaniyalariga to‘g‘ri kelgan.

Viloyatlar hokimliklariga bank — kredit masalalari bo‘yicha murojaatlar (2,4 baravarga), mahalla (58,7 foiz), ichki ishlar (48,5 foiz), nafaqa (48,0 foiz), agrosanoat infratuzilmasi (46,2 foiz), tadbirkorlikni rivojlantirish (34,6 foiz), davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ishlari (32,8 foiz), xalq ta’limi (26,0 foiz), ish, ish haqi (21,3 foiz), sog‘liqni saqlash (16,6 foiz), madaniyat ishlari, oila (har biri 16,0 foiz), oliy va o‘rta maxsus ta’lim (10,0 foiz), qurilish (9,0 foiz), uy-joy va yer olish (7,0 foiz), yoqilg‘i-energetika (6,4 foiz) oshgan.

Mahalliy hokimliklar, vazirliklar va idoralarda murojaatlarni ko‘rib chiqishning ahvolini o‘rganish natijalari, haqiqatan ham joylarda jiddiy muammolar mavjudligini, ularning yechimlari o‘z vaqtida topilmaganligini, murojaatlarni ko‘rib chiqishdek dolzarb masalaga rahbarlar tomonidan panja orasidan qaralayotganligi hamda mas’uliyatsizlik va sansalorlik holatlariga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rsatdi, deyiladi qarorda.

2016 yil 24 sentyabrdan boshlab aholi va tadbirkorlar tomonidan O‘zbekiston bosh vazirining elektron qabulxonasiga respublikaning barcha hududlaridan jami 77,1 mingta murojaat kelib tushgan. Jumladan, ishonch telefoni orqali 34,9 mingta, veb-sayt — 40,3 mingta va O‘zLiDep — 1,9 mingta murojaat qabul qilinib, ijroga yuborilgan. Jami murojaatlardan 20,9 mingtasi vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari tomonidan ko‘rib chiqish jarayonida, 33,0 mingtasi ijroga yuborilgan, 23,2 mingtasi hal etilgan.

Qisqa muddatda elektron qabulxonaga ko‘p sonli murojaatlarning kelib tushishi joylardagi, ayniqsa shahar va tuman miqyosidagi mutasaddi rahbarlar xalqning taklif va muammolari bilan qiziqmasligini, aksariyat hollarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga e’tiborsiz ekanligini ko‘rsatdi, qayd etiladi qarorda.

Hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (27,0 mingta), Toshkent (10,0 mingta), Farg‘ona (5,8 mingta), Qashqadaryo (5,3 mingta) va Andijon viloyatlari (4,2 mingta) fuqarolaridan kelib tushgan.

Jami kelib tushayotgan murojaatlarni, ularda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha tahlil qilingan, eng ko‘p Ichki ishlar (8,6 mingta), Mehnat (2,7 mingta), Sog‘liqni saqlash (1,2 mingta), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari (626 ta), Markaziy bank va tijorat banklari (3,4 mingta), Sud departamenti (2,0 mingta), Pensiya jamg‘armasi (1,6 mingta), “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi (2,2 mingta), “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi (692 ta) va “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga (967 ta) kelib tushganligi aniqlandi.

Xususan, uy-joy va yer masalasi to‘g‘risidagi murojaatlar (ipoteka krediti, ta’mirlash, oldi-sotdi, ichki yo‘llarni ta’mirlash masalalari) — 10,8 mingta, mehnat va bandlik masalalari — 4,5 mingta, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik va issiq suv masalalari — 4,6 mingta, ta’lim sohasidagi masalalar — 2,6 mingta, fuqarolik pasporti masalalari — 1,5 mingta, sog‘liqni saqlash sohasi masalalari — 1,4 mingta, sud jarayoni, huquq-tartibot xodimlari xatti-harakatlari masalasi bo‘yicha — 5,4 mingtani tashkil etadi.

Yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Qonuni talablarini so‘zsiz va o‘z vaqtida bajarish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining asosiy vazifalaridan biri deb hisoblanishini belgiladi. Fuqarolarning murojaatlarini so‘zsiz va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi ustidan nazoratni o‘rnatish uchun jarayonga viloyatlar, shaharlar va tumanlar prokuraturalarini jalb qilinadi. Bosh prokuraturaga qayta murojaatlar kelib tushgan holatda, takroriy murojaatga yo‘l qo‘ygan mas’ul rahbarlarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish tavsiya etildi.

Davlat organlari rahbarlariga aholi va tadbirkorlar uchun kunlik soat 8 dan 11 gacha shaxsiy qabullarni tashkil qilish choralarini ko‘rish, joylarda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan ishlashni tubdan qayta ko‘rib chiqish, ularning muammolari va e’tirozlarini joyida hal etish, aholi bilan ishlash madaniyatini oshirish vazifasi topshirildi. Buning uchun davlat organlari veb-saytlari va ishonch telefonlari orqali murojaat qilish tizimini tubdan yaxshilashlari lozim.

Fuqarolar tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanishni osonlashtirish maqsadida murojaatlar statistikasining tahlili asosida tegishli davlat xizmatlarini interaktiv ko‘rinishga o‘tkazish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga kiritiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimliklariga O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bilan birgalikda joylarda bir oy muddatda yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda xalq qabulxonalarining samarali va doimiy faoliyatini tashkil etish vazifasi topshirildi. Bunda xalq qabulxonalari uchun shahar va tumanlar markazlarida namunali ko‘rinish hamda aholi kelishiga qulay bo‘lgan binolarni ajratib, ularga barcha sharoitlar yaratilishi belgilandi.

IIV, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat vazirligi, OO‘MTV, Markaziy bank va tijoriy banklar, Pensiya jamg‘armasi, “O‘ztransgaz” va “O‘zbekenergo” va “O‘zavtosanoat” kompaniyalari rahbariyatiga bir hafta muddat ichida bir hafta muddatda bosh vazirining elektron qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlashga qaratilgan hay’at yig‘ilishlarini o‘tkazish vazifasi topshirildi. Bundan tashqari, murojaatlarni keskin kamaytirish maqsadida muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini kiritilishini ta’minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “O‘ztransgaz” AK (Maxmudov), “O‘zbekenergo” AJ (Salomov) bilan birgalikda qish mavsumi arafasida aholidan tushayotgan murojaatlarni zudlik bilan joyiga chiqib, hal etilishini ta’minlash maqsadida bir hafta muddatda maxsus guruhlar faoliyatini tashkil etadi.