2 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Qoraqalpog‘iston Respublikasida saylovchilar va keng jamoatchik bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a’zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

Uchrashuv Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn video konferensiya orqali muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili Tajibay Romanov ishtirokchilarga Sarvar Otamuratovni tanishtirdi va uning tarjimai holiga to‘xtalib o‘tdi.

Prezidentlikka nomzod S. Otamuratov so‘zga chiqib, saylovchilarni saylovoldi Dasturida belgilangan ustuvor vazifalar bilan tanishtirdi.

Nomzod “Milliy tiklanish — avvalambor milliy o‘zlikni anglash demakdir”, “Milliy manfaatlar va milliy qadriyatlarimiz himoyasi — bosh vazifamiz”, “Farzandlari sog‘lom va barkamol yurt qudratli bo‘lur”, “O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q”, “Barkamol avlod — millat tayanchi” tamoyili ostida ma’naviy-ma'rifiy, siyosiy va sud-huquq, iqtisodiyot, ijtimoiy, axborot, sport va tashqi siyosat sohalarida bir qator vazifalar belgilanganini aytib o‘tdi.

Xususan, saylovoldi Dasturda madaniy meros obyektlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Ma’lumki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tarixiy obidalar va ziyoratgohlar juda ko‘p. Ular qatorida Beruniy tumanidagi Sultan Uvays qal’ani, Xo‘jayli tumanidagi Mizdakxon arxeologiya yodgorligini, Ellikqal’a tumanidagi To‘proq qal’ani va boshqa madaniy meros obyektlarini aytish mumkin.

Shuningdek, I. Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi va Qoraqalpoq davlat “O‘lkashunoslik” muzeyida juda qimmatli qo‘lyozmalar, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari saqlanmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida bunday ulug‘vor tarixiy merosni asrab-avaylash va hisobga olish bo‘yicha muayyan ishlar qilingan. Ammo O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi va Jo‘qorg‘i Kengasdagi fraksiyasi a’zolari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi O‘zMTDP guruhlarining nazorat-tahlil faoliyati shuni ko‘rsatdiki, hali bir qator madaniy meros ob’ektlar hisobga olinmagan, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari to‘liq toifalashtirilmagan.

Ana shulardan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi madaniy meros obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish zarur. Muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obyekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarining to‘liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish lozim. Kerak bo‘lsa, ularning YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kirmaganlarini unga kiritishda faollik ko‘rsatish — asosiy vazifamizdir, dedi nomzod.

Sarvar Otamuratov e’tirof etib o‘tganidek, mamlakatimizda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor berib kelinmoqda. Ertamiz egalarining jismonan sog‘lom avlod bo‘lib voyaga yetishlari, ularning kelajagi haqida qayg‘urgan nomzod saylovoldi Dasturida sportning barcha turlari, ayniqsa olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan hamda milliy turlarini har tomonlama qo‘llab-quvatlashni, bolalar sportini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Shuningdek, nomzod uchrashuvda saylovoldi Dasturning boshqa sohalari xususida ham atroflicha to‘xtalib o‘tdi. S. Otamuratov ilgari surayotgan vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuvda ishtirokchilar nomzodning saylovoldi Dasturiga o‘z munosbatlarini bildirdilar. Saylovchilar aytib o‘tganlaridek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, ayniqsa chekka va olis hududlarda bu borada o‘z yechimini kutayotgan masalalarning mavjudligi ayni haqiqat. Nomzod ilgari surayotgan chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan obyektlarni davlat hisobiga olish, moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini va nomoddiy madaniy meros obyektlarining ro‘yxatini yuritishga xizmat qiladi.

Uchrashuv ishtirokchilari nomzodning sportning milliy turlari hamda bolalar sportini rivojlantirish borasidagi fikrlarini qo‘llab-quvvatladilar. Qoraqalpog‘istonlik ko‘p ming sonli yoshlar va sportchilar uchun milliy qadriyatlarimiz, matonat, jasorat, vatanparvarlik va insonparvarlik asoslarini o‘zida yorqin mujassam etgan va bugun dunyoning 130 ga yaqin mamlakatida kurash federatsiyalari tashkil etilganligini hisobga olib o‘zbek kurashini Olimpiya o‘yinlari qatoriga kiritish maqsadida xalqaro Kurash federatsiyasi, Xalqaro va milliy Olimpiya Qo‘mitasi bilan aloqani har taraflama mustahkamlash dolzarb vazifa ekanligini e’tirof etdilar.

Nomzodning saylovoldi Dasturini qo‘llab-quvvatlab Qorao‘zak tumani Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi xodimi Q. Razbekov, Mang‘it iqtisodiyot kolleji o‘qituvchisi M. Yusupova, Nukus shahridagi 31-sonli maktab direktori V. Kalenova va boshqalar so‘zga chiqdilar.

Uchrashuv so‘ngida S. Otamuratov ishtirokchilar tomonidan uning tarjimai holi va saylovoldi Dasturi yuzasidan berilgan bir qator savollarga javob berdi.

Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili va so‘zga chiqqanlar saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratovga ovoz berishga chaqirdi.

Reklama huquqи asosida.