O‘zbekiston Mehnat vazirligi delegatsiyasi ikki mamlakatning mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligini yanada yuqori va sifatli darajaga olib chiqish maqsadida Rossiyaga tashrif buyurdi. Bu haqda Mehnat vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi axborot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Tashrif Vazirlar Mahkamasining 2017-yilga mo‘ljallangan aholi bandligi dasturi to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq tarzda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya ish beruvchilari bilan bevosita aloqalarini o‘rnatish va olib borilayotgan ishlarni faollashtirish maqsadida uyushtirildi.

“Hamkorlikning yuqori va sifatli darajasi fuqarolarimizni Tashqi mehnat masalalari agentligi tarmog‘i bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi hududida sivilizatsion tarzda ishga joylashtirish kabi masalalarni hal etishni ko‘zda tutadi”, — qayd etildi agentlik xabarida.

Agentlik bilan hamkorlikda ishga joylashish O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududidagi huquq va manfaatlari himoya qilinishi, ijtimoiy-mashishiy sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi va kafolatlaydi. Mustahkam choralar qatorida mehnat migrantlari yuzaga kelgan masalalar bo‘yicha zudlik bilan javob olishi mumkin bo‘lgan aloqa kanallarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

O‘zbekistonlik mehnat migrantlari Rossiyada ko‘p duch keladigan muammolardan biri RF hududlarida ma’muriy organlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish hisoblanadi. Tashrif chog‘ida Moskva, Sankt-Peterburg, Krasnoyarsk, Kemerovo va Astraxan kabi shaharlarda Rossiya ish beruvchilari bilan ishchi muzokaralarni olib borish belgilangan.