Seshanba kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YeXHT DIIHB) O‘zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish yuzasidan missiyasi rahbari Yoxan Peter Traugott Teyler Toshkentga yetib keldi.

28-oktyabr kuni esa Markaziy saylov komissiyasi YeXHTga a’zo davlatlardan 17 kishini o‘z ichiga olgan DIIHB missiyasi asosiy guruhi a’zolarini akkreditatsiyadan o‘tkazdi. Ulardan tashqari, missiya tarkibidan uzoq muddatli kuzatuvchilar — 28 kishi va qisqa muddatli kuzatuvchilar — 250 kishi o‘rin oladi.

DIIHB ilk bor O‘zbekistondan saylovlarni kuzatish bo‘yicha keng miqyosli missiyani yubormoqda. Mamlakatning muhim siyosiy tadbirni xalqaro saylov standartlariga muvofiq tarzda ochiq va oshkora o‘tkazishga tayyorligi ta’kidlanmoqda.

“Men birinchi marta mamlakatingizga saylovni kuzatish bo‘yicha missiya rahbari sifatida ilk bor tashrif buyurishim va bunday qabuldan minnatdorman”, — dedi Yoxan Peter Traugott Teyler.

Missiya rahbari vazifalari uning faoliyati ustidan nazorat olib borish, jumladan, davlat organlari, saylovni o‘tkazish bo‘yicha organlar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari bilan aloqalarni o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, oraliq, dastlabki va yakuniy hisobotlarga tayyorgarlikni ta’minlashdan iborat.