2016−2017-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 660 ming tonnalik zaxirasini yaratish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi raisi Zafar Fayziyev O‘zAga ma’lum qildi.

“175 ming tonna kartoshka, 139 ming tonna piyoz, 46 ming tonna boshqa sabzavotlar, 105,8 ming tonna meva shular sirasidan”, — dedi u.

Zafar Fayziyevning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi olti yil ichida umumiy sig‘imi 68 ming tonnaga teng bo‘lgan 50 dan ziyod sovutgichli kameralar foydalanishga topshirilib, ularning umumiy hajmi 98,5 ming tonnaga yetkazildi. 2020-yilgacha 325 ming tonnalik sovutgichli zamonaviy omborxonalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Mamlakatning barcha hududida maxsus omborlar qurilib, mahsulotlarni saqlash texnologiyasi takomillashtirilayotgani saqlanadigan meva-sabzavotlar turi va hajmi oshishida muhim omil bo‘lmoqda.

Mahsulotlarning ichki bozordan ortgani eksportga chiqarilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida karam, gilos, pomidor, bodring, sabzi, ko‘kat, quritilgan meva kabi mahsulotlar Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Xitoy va boshqa davlatlardagi buyurtmachilarga yetkazib berildi.