2017-yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishi ko‘rsatkichi 7,8 foizni tashkil etadi, guvohlik bermoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 28-oktyabrda tasdiqlangan kelgusi yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, xabar qildi O‘zA.

O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri Rustam Azimov 2017-yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan ma’ruza qildi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 6,9 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning 6,2 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmi 9,6 foizga o‘sishi ko‘zda tutilayotganligi qayd etildi.

Bosh vazir o‘rinbosari hisobotda mamlakatning asosiy moliyaviy hujjati iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilish hisobidan yuqori iqtisodiy sur’atlarni ta’minlashni ta’kidlab o‘tdi.

2017-yilgi davlat byudjetida makroiqtisodiy muvozanatni va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishga, davlat qarzining asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslikka, aholi daromadlari va turmush darajasini yanada yuksaltirishni ta’minlashga, chuqur tarkibiy o‘zgartirishlarga va muhandislik, yo‘l-transport hamda ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirish bo‘yicha faol investitsiya siyosatini yuritishga, shuningdek, byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, hududlarning daromad bazasini ko‘paytirish va mahalliy byudjet xarajatlarini maqbullashtirib, subvensiya oluvchi hududlarni kamaytirishga asosiy e’tibor qaratilgan.

Kelgusi yilda mamlakat iqtisodiyotiga soliq yukini yalpi ichki mahsulotga nisbatan joriy yildagi 20,2 foizdan 18,9 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.

2017-yilda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini yanada rivojlantirishni ta’minlash maqsadida kelgusi yilda amal qilish muddati tugayotgan soliq imtiyozlarining muddatini uzaytirish taklif etilmoqda. Bu esa tadbirkorlar tasarrufida kelgusi yilning o‘zida qariyb 500 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qoldirish imkonini berib, ularga o‘z aylanma mablag‘larini to‘ldirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlashni amalga oshirishlari uchun qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qiladi.

2017-yilgi Davlat byudjeti loyihasida madaniyat muassasalarini saqlash va sport tadbirlarini o‘tkazish xarajatlarining hajmi joriy yilga nisbatan 16,7 foizga oshirilganligi, bunda respublikaning tarixiy-me'moriy, ijtimoiy-madaniy va turizm salohiyatini ehtiyotlab saqlashni ta’minlash, shuningdek, yanada ommalashtirish va targ‘ib qilish maqsadida mamlakatdagi madaniy va arxeologiya merosi ob’ektlarida konservatsiyalash va restavratsiya qilish ishlarini o‘tkazishga Davlat byudjetidan 25,8 milliard so‘m, ya’ni joriy yilga nisbatan 1,17 marta ko‘p mablag‘ ajratish taklif etilmoqda.

Kam ta’minlangan va moddiy yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga va bolali oilalarga beriladigan nafaqalar uchun ajratilgan xarajatlar 2017-yilda qariyb 2,6 trillion so‘mdan ortiq miqdorda, ya’ni 2008-yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda.