National Geographic jurnali muallifi, ikki karra Pulitser mukofoti sovrindori Pol Salopek yetti yillik piyoda sayohatining O‘zbekiston qismini yakunlamoqda.

Yetti yillik sayohat 2013 yilda boshlangan edi. Salopek qadimiy odamlarning sayyoraga yoyilishi yo‘nalishi bo‘ylab — Afrikadan Janubiy Amerikaga qadar piyoda sayohat qilishni maqsad qilgan. Bu vaqt davomida u antropologiya, madaniyat va tarix nuqtai nazaridan yo‘lda joylashgan 30 dan ziyod davlatni piyoda kezadi. Jurnalist o‘z tassurotlarini National Geographic saytida yoritib boradi.

Uning ayni paytdagi yo‘nalishi The Silk Roads deb nomlanadi. U Qozog‘istonning Kaspiy sohillaridagi chegarasidan boshlanib, dastlab Mangistau viloyati bo‘ylab sayohat qilib, so‘ngra O‘zbekistonga tashrif buyurdi va Mo‘ynoq, Xiva hamda Buxoroda bo‘ldi. Ustyurt platosi va Qizilqum cho‘lidan o‘tgan sayohatchi sharqqa qarab yo‘l olgan. U Qirg‘izistonga o‘tish uchun Qamchiq dovoni orqali Andijon viloyatiga yo‘l olgan.

Pol Salopek yolg‘iz sayohat qilmaydi. U har bir mamlakatda o‘ziga yo‘ldosh topadi. O‘zbekistonda jurnalistga gid-ekskursovod Aziz Xolmurodov hamrohlik qiladi. Aynan u «Gazeta.uz"ga Pol Qoraqalpog‘istonda yuklarni olib yurish uchun xarid qilgan ikki bosh eshak haqida so‘zlab berdi. Sayohatchilar jonivorlarga yaxshi xo‘jayin topish umidida.

«Qariyb olti oy davomida Pol bilan ikki eshak bo‘ldi. Ular mamlakat g‘arbidan sharqigacha masofani bosib o‘tdi. Ular tez orada Andijon viloyatining Qorasuvida bo‘ladi. Jonivorlar ishonch bilan xizmat qilib, yo‘lning qiyin qismlarida katta yordam berdi. Ularni ishonchli qo‘llarga topshirishdan umidvormiz. Axir hamma eshak ham butun O‘zbekistonni kezavermaydi» — deydi Aziz Xolmurodov.

Sayohatchilar Toshkentda bir necha kunni o‘tkazishni rejalashtirgan.