O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 26 oktyabr kuni «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonga imzo chekdi. Hujjatda «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi, «Angren» va «Jizzax» maxsus industrial zonalari nomini birxillashtirish maqsadida ularni «Navoiy», «Angren» va «Jizzax» erkin iqtisodiy zonalar deb atash belgilandi.

Farmonda qayd etilishicha, mazkur hujjat mamlakatda yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, hududlarni raqobatdosh va eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga yanada faol jalb qilish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilma va logistika xizmatlarini jadal rivojlantirishni ta’minlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirishning eng muhim omili sifatida erkin iqtisodiy zonalarni izchil rivojlantirish borasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi.

Quyidagilar «Navoiy», «Angren» va «Jizzax» erkin iqtisodiy zonalari (keyingi o‘rinlarda — erkin iqtisodiy zonalar) faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • xorijiy investorlarga mamlakatimiz iqtisodiyotining real sektorlariga investitsiya kiritishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida erkin iqtisodiy zonalar uchun yagona huquqiy rejimni belgilash, soliq va bojxona imtiyozlari, preferensiyalarni birxillashtirish;
  • mahalliy mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlaydigan va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan yuqori texnologiyali va mahalliylashtiriladigan zamonaviy korxonalarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni, avvalambor, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, erkin iqtisodiy zonalarning muayyan sohaga ixtisoslashuvini qo‘llab-quvvatlash va ularda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish;
  • erkin iqtisodiy zonalarda «yagona darcha» tamoyili asosida barcha turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishga, jumladan, ruxsat berish tartib-taomillariga bosqichma-bosqich o‘tish;
  • ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;
  • oliy, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida erkin iqtisodiy zonalarning soha kadrlariga bo‘lgan hozirgi va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularning erkin iqtisodiy zonalarda joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashini nazarda tutgan holda, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etish.

Erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari quyidagi to‘lovlardan ozod qilindi:

  • yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalaridan;
  • o‘zining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinadigan uskunalar, xomashyo, material va butlovchi buyumlar, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va loyihalarni amalga oshirish doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari).

Ko‘rsatib o‘tilgan imtiyozlar 3 yildan 10 yilgacha muddatni o‘z ichiga olgan bo‘lib, bunda kiritilgan sarmoyalar miqdori inobatga olinadi:

  • 300 ming AQSH dollaridan 3 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar — 3 yil muddatga;
  • 3 million AQSH dollaridan 5 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar — 5 yil muddatga;
  • 5 million AQSH dollaridan 10 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar — 7 yil muddatga;
  • 10 million va undan ko‘p AQSH dollari hajmidagi investitsiyalar so‘nggi 5 yilda amaldagi stavkalardan 50 foiz kam hajmdagi daromad solig‘i va yagona soliq to‘lovi stavkalari qo‘llangan holda — 10 yil muddatga beriladi.

«Angren» va «Jizzax» erkin iqtisodiy zonalari ishtirokchilari qo‘shimcha ravishda:

  • erkin iqtisodiy zonalar faoliyati davomida eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan xomashyo, material va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi;
  • erkin iqtisodiy zonalar doirasida ishtirokchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq xorijiy valyutada hisob-kitob qilish va to‘lash;
  • O‘zbekiston Respublikasining boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari — rezidentlari tomonidan yetkazib berilgan tovarlar, ishlar (xizmatlar) uchun xorijiy valyutada to‘lash, shuningdek, eksport va import qilinadigan tovarlar uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan to‘lash hamda hisob-kitob qilish shart va shakllaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Farmon bilan erkin iqtisodiy zonalarning Ma’muriy kengashlari tugatilib, ularning o‘rniga erkin iqtisodiy zonalar Ma’muriy kengashi tashkil etiladigan bo‘ldi.

Bir oy muddatda erkin iqtisodiy zonalari faoliyatini yanada takomillashtirish va kengaytirish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini va ushbu zonalarni rivojlantirishning boshqa masalalariga taalluqli aniq tadbirlar ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.