26 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev hamda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati xabar qildi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlar holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Almazbek Atambayev Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston rahbariyatining ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalariga qaratilayotgan e’tibor, davlatlar o‘rtasidagi do‘stona qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorchilik bildirib, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik va ravnaq tiladi.

Qayd etish joizki, muloqot bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikramov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Qirg‘izistonga tashrifi kuni bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, davlat chegarasidagi «Dostuk» nazorat-o‘tkazish punktida delegatsiyani bosh vazir o‘rinbosari Muxammetkaliy Abulgaziyev, bosh vazir o‘rinbosari Jenish Razakov, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Daniyar Sidikov, O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlari rahbarlari, shuningdek, oqsoqollar, jamoat va madaniyat vakillari qarshi oldi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyati rahbarlari, davlat organlari, madaniyat, sport vakillari, diniy ulamolar o‘rin olgan.

Tashrif doirasida qator madaniy-ommaviy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi.