Yaponiyaning Mitsubishi Corporation kompaniyasi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektrostansiyasi (IES)ning ikkita enerniya bloki qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda g‘olib chiqdi, xabar qilmoqda “O‘zbekenergo”.

Xabarda keltirilishicha, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida tarkibida har birining quvvati 450 MVt dan bo‘lgan ikkita bug‘-gaz uskunasiga ega umumiy quvvati 900 MVt ni tashkil etuvchi yangi issiqlik elektrostansiyasi qurilishi bo‘yicha loyiha yuzasidan o‘tkazilgan tenderda Yaponiyaning Mitsubishi Corporation korporatsiyasi bosh pudratchi sifatida tanlab olindi. Ayni paytda shartnomaviy muzokaralarga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

“O‘zbekenergo” To‘raqo‘rg‘on IES qurilishi ishlariga 2013-yilning avgustida kirishgan edi. Loyihada yiliga 7 milliard kVts elektr energiyasini ishlab chiqaradigan elektrostansiya barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Umumiy qiymati 1,1 mlrd dollar bo‘lgan loyiha Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning 704 mlrd dollarlik, O‘zbekiston Rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasining 300 mln dollarlik kreditlari va “O‘zbekenergo"ning xususiy mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Bundan avvalroq Yaponiyaning Mitsubishi va Mitsubishi Hitachi Power Systems kompaniyalari Navoiy IESni modernizatsiya qilish bo‘yicha “O‘zbekenergo” bilan shartnoma imzolagani ma’lum bo‘lgan edi. Umumiy qiymati 550 mln dollarga yaqin bo‘lgan loyiha doirasida 450 MVt quvvatga ega bitta BGU qurilishi ko‘zda tutilgan. Amalga oshirish muddati uch yilni tashkil etadi.