1-oktyabrda O‘zbekistonda doimiy yashovchi aholi soni 31 million 977,1 ming kishini tashkil etdi, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati. O‘sish yil boshiga nisbatan 401,8 ming kishi yoki 1,3 foizdan iborat bo‘ldi.

Shahar aholisi soni 16 million 181,4 ming kishini (jami aholi soniga nisbatan 50,6%), qishloq aholisi soni 15 million 795,7 ming kishini (jami aholi soniga nisbatan 49,4%) tashkil etdi.

Yanvar-sentyabr davrida 532,4 mingta bola tug‘ilib, mos ravishda tug‘ilish koeffitsiyenti 22,4 promilleni tashkil qildi (2015 yilda 22,8 promille bo‘lgan).

Bu davr mobaynida 108,9 ming o‘lim qayd etilgan bo‘lib, o‘lim koeffitsiyenti 4,6 promilleni tashkil etdi.

Ro‘yxatga olingan jami o‘lganlarning 59,4 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 8,9 foizi o‘simtalardan, 5,9 foizi ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 5,2 foizi nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 6,3 foizi baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan vafot etgan.

To‘qqiz oy mobaynida 5,6 mingta 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi qayd etildi va go‘daklar o‘limi koeffitsiyenti 10,1 promilleni tashkil etdi. 1 yoshgacha o‘lgan jami bolalarning 55,5 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 24,4 foizi nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 9,8 foizi tug‘ma anomaliyalardan, 3,1 foizi yuqumli va parazitar kasalliklardan vafot etgan.

Yanvar-sentyabr oylarida FHDYO organlari tomonidan 176,1 mingta nikoh va 22,2 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan. Nikoh tuzish koeffitsiyenti 7,4 promille, nikohdan ajralish koeffitsiyenti esa 0,9 promilleni tashkil etdi.

Respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni to‘qqiz oy ichida 106,5 ming kishini, ko‘chib ketganlar soni esa 128,2 ming kishini tashkil etdi. Migratsiya saldosi minus 21,7 ming kishini tashkil etdi (2015 yilda minus 23,1 ming kishi bo‘lgan).