O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 19-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’ezdidadagi ma’ruzasida mamlakatdagi ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha hukumat rejalari haqida ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda o‘z yechimini kutib turgan sotsial-ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun respublika miqyosidagi 15 ta maqsadli dastur ishlab chiqilmoqda. Dushanba kuni esa ulardan biri — 2017−2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi qabul qilingani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, 2017−2020-yillarda shahar joylarda 945 ta ko‘p qavatli uylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Dasturga ko‘ra, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalar uchun 5, 7 va 9 qavatli arzon uylar quriladi.

Kelajakda tasdiqlanadigan Qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturi doirasida 9 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 1 ming 400 ta quduq va 3 ming 600 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Bu esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent, Xorazm viloyatlarida 3,2 million aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va mamlakatimizda ushbu ko‘rsatkichni 67 foizdan 84 foizga yetkazish imkonini beradi. Shu maqsadda Moliya vazirligi huzurida “Toza suv” maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi.

Kafolatlangan va barqaror elektr quvvati yetkazib berish maqsadida Shahar va qishloq aholisining elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash dasturi ishlab chiqilmoqda. Besh yil davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ming 600 ta eskirgan transformator podstansiyalarini almashtirish nazarda tutilgan.

Navbatdagi dolzarb masala yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq. Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda aksariyat qismi achinarli ahvolga kelib qolgan mintaqaviy va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarga ham e’tibor qaratadigan vaqt kelganini ta’kidlab o‘tdi. Uning ma’lum qilishicha, 75 ming kilometr yoki 64 foiz ichki yo‘llar ta’mirtalab ahvolda. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining bir qismi hech qanday qoplamasiz, ya’ni tuproq yo‘llardir. Shuningdek, 9 ming 500 kilometr yo‘llarni rekonstruksiya qilish talab etilmoqda. Yangi dasturda umumiy foydalanishdagi 1 ming 700 kilometrlik avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, aholimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan 10 ming 400 kilometrlik xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, tuman markazlari, kichik shaharchalar va qishloq joylardagi mahalla ko‘chalarini kapital va joriy ta’mirlash rejalashtirilmoqda. Ushbu dasturni amalga oshirish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Yo‘l jamg‘armasini va “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasining tashkiliy tuzilmasi mutlaqo tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Mazkur dasturning mantiqiy davomi sifatida Qishloqlar va shaharlarda transport xizmatini yanada yaxshilash dasturi ham ishlab chiqiladi. Bu dasturga asosan 74 ta avtovokzal va avtostansiya rekonstruksiya qilinadi va yo‘lovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratilib, ularning xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Yangi 3 mingta avtobus, 5 ming 700 ta mikroavtobus sotib olinib, 300 dan ortiq yangi avtobus yo‘nalishlari ochiladi va mavjud йўналиш­лардаги eskirgan avtobuslar yangilanadi.

Shu bilan birga, havo va temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida avvalo, Toshkent xalqaro aeroportining yangi terminalini barpo etish zarurligi aytib o‘tildi. Shular qatorida Buxoro — Miskin temir yo‘l tarmog‘i qurilishini yakuniga yetkazish va elektrlashtirish, Qarshi — Termiz, Pop — Namangan — Andijon — Qo‘qon temir yo‘llarini elektrlashtirish ishlari ham ko‘zda tutilmoqda.

Qattiq maishiy chiqindilarni sanitariya yo‘li bilan tozalash va utilizatsiya qilishni yanada yaxshilash dasturi shaharlar va qishloq aholi punktlarining tozaligi va go‘zalligini oshirish, atrof-muhitni zaharlaydigan va aholi salomatligi uchun xavf tug‘diradigan, noqonuniy paydo bo‘lgan 1,5 mingta chiqindixonani yo‘q qilish imkonini beradi. Ayni vaqtda maishiy chiqindilar uchun, jumladan, barcha viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 168 ta poligon barpo etiladi. Chiqindilarni tozalash bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar qo‘shimcha ravishda 405 ta zamonaviy maxsus texnika bilan ta’minlanadi.

Yana bir muhim masala — ko‘mirning tannarxi va aholiga sotish narxini kamaytirish, ayniqsa, qish paytida uning bahosi oshishiga va chayqovchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha ko‘mir mahsuloti yetkazib berish rejasi 35 foizga, aholini ta’minlash bo‘yicha esa 17 foizga bajarilgan, xolos, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu sababli aholiga ko‘mir yetkazib berish tizimini takomillashtirish, uning narxi sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

Birinchi darajali vazifalar qatorida ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi bo‘lgan maktabgacha ta’lim-tarbiya tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Jumladan, davlatga qarashli 1 million 109 ming o‘rinli 2 ming 200 ta bolalar bog‘chasini qurish, kapital ta’mirlash va jihozlash masalalari hal etiladi.

Sog‘liqni saqlash sohasini yanada isloh qilish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish maqsadida yaqin kunlarda qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam stansiyalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha Hukumatning 4 ta qarori loyihasi tayyorlanmoqda.

Yoshi ulug‘ insonlar, yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish дас­тури ham tayyorlanmoqda. “Nuroniy” jamg‘armasining maqomi va mavqeini ko‘tarish, uning tuman, viloyat va respublika tuzilmalarining shtat birliklarini ko‘paytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi.

2017−2021-yillarda Oliy o‘quv yurtlari tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha dastur navbatdagi muhim dasturlardan biri bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va domlalar, tibbiyot xodimlari, harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot posbonlari, bir so‘z bilan aytganda, davlat byudjetidan maosh oladigan barcha xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Prezident v. b. axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internet tizimini keng rivojlantirmasdan turib, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, barqaror taraqqiyotga erishish haqida so‘z yuritish mumkin emasligiga ham alohida urg‘u qaratdi. Hayotning eng muhim jabhalari uchun yuksak texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar yaratish, malakali mutaxassislar tayyorlash, jahon axborot texnologiyalari bozorida munosib o‘rin egallash masalasiga ustuvor ahamiyatga ega vazifa sifatida qarash zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Shu bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi. Buning uchun, avvalo, milliy adabiyot va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatini bugungi kunning o‘tkir talablari nuqtai nazaridan tanqidiy ko‘z bilan qayta ko‘rib chiqish lozimligi aytildi.