Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham elektron uskunalardan foydalanishga bo‘lgan talabning ortishi elektron chiqindilar to‘planishi muammosini keltirib chiqarmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘z muddatini o‘tab bo‘lgan texnikalar barcha qattiq maishiy chiqindilarning 5 foizga yaqinini tashkil etadi, biroq bunday chiqindilar qariyb yo‘q qilinmagani va qayta ishlanmagani bois atrof-muhit hamda insonlar salomatligi uchun juda xavfli.

Toshkent rangli metal parchalari va chiqindilarini yig‘ish va qayta ishlash zavodi (“Toshrangmetzavod”) O‘zbekistonda aholidan rangli metal parchalari va chiqindilari, akkumulyator batareyalarini yig‘ish bo‘yicha yagona mas’ul organ hisoblanadi. 20 oktyabr kuni zavodga uyushtirilgan press-tur davomida yig‘ish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jonibek Berdiyevning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, 2015 yilda 160 tonna elektron chiqindilar qayta ishlashga qabul qilindi va bu hajm doimiy ortib bormoqda.

“Toshrangmetzavod” respublika bo‘yicha yaroqsiz texnikalarni qabul qilish va yig‘ish tarmog‘iga ega — har bir hududda uning filiallari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ular soni 24 tani tashkil etsa, 2020 yilga kelib mazkur raqamni 100 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, mobil telefoni 500 tadan 1000 tagacha turli qismlardan tashkil topgan. Ularning ko‘pchiligi tarkibida qo‘rg‘oshin, simob, kadmiy va berilliy singari og‘ir metallar, bronlangan antipirenlar singari xavfli kimyoviy birikmalar mavjud. Polivinilxloriddan ham ko‘p foydalaniladi.

Aholidan mazkur turdagi chiqindilarni yig‘ib olish uchun bozorlar, supermarketlar hamda maishiy va elektron texnika sotish joylariga maxsus konteynerlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Turli muassasa va korxonalardan chiqindilarni qabul qilib olish choralari ishlab chiqilmoqda. Ular zavod va Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining 2016−2020 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikdagi dasturida o‘z aksini topgan.

Video