Malayziyaning Penang shahrida 19−25-oktyabr kunlari og‘ir atletika bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston vakili Adhamjon Ergashev ikkita oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidan bo‘lgan sportchi vazni 62 kilogrammgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasidagi dast ko‘tarish bahsida 125 kilogramm shtangani o‘ziga bo‘ysindirib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Siltab ko‘tarishda 155 kilogramm natija bilan kumush medal sohibiga aylandi. Ikkikurash yakuniga ko‘ra 280 kilogramm natijani qayd etgan polvon birinchi o‘rinni egalladi.

“Birinchi navbatda o‘z murabbiylari — Boris Semenovich, Sunnat Muzaffarov va Jo‘rabek Zairovni tabriklayman. Avvaliga siltab ko‘tarish bo‘yicha jahon rekordini (165 kg — tahr.) yangilamoqchi edim, biroq bu safar o‘xshamadi”, — dedi Adhamjon Ergashev “Gazeta.uz"ga.