22 oktyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining vakolatli vakili Markaziy saylov komissiyasiga siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olish uchun zarur hujjatlarni taqdim qildi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga saylovni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar qildi. Qolgan uch siyosiy partiya esa bir kun muqaddam zarur hujjatlarni topshirgan edi.

Markaziy saylov komissiyasi yetti kun muddat ichida taqdim etilgan hujjatlarning saylov qonunchiligi talablariga muvofiqligini ko‘rib chiqishi va o‘z xulosasini berishi lozim.

MSKda imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshirish yuzasidan ichki ishlar, adliya organlari, aholini hisobga olish bilan shug‘ullanuvchi muassasalarning mutaxassislari, shuningdek jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlar guruhlari o‘z ishini davom ettirmoqda.