21 oktyabr kuni saylovda ishtirok etayotgan uch partiya vakillari Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlar taqdim etdi, xabar qildi MSK matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining vakolatli vakillari O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlarini ro‘yxatga olishni iltimos qilib tegishli hujjatlar taqdim etdi. Ular qatorida: siyosiy partiya yuqori organining prezidentlikka nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori, siyosiy partiya yuqori organi majlisining prezidentlikka nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, prezidentlikka nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi va prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari ilova qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni yetti kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning qonun talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Hozirgi kunda Markaziy saylov komissiyasida imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish bo‘yicha ekspertlar guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, ularning tarkibida MSK a’zolari, jamoat tashkilotlarining vakillari, ichki ishlar, adliya organlarining mutaxassislari faoliyat yuritmoqda.