«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi Malayziyadan uchib keluvchi o‘z yo‘lovchilarini Samsung Galaxy Note 7 smartfonini olib ketish taqiqlangani to‘g‘risida ogohlantirdi. Aviatashuvchi saytida xabar qilinishicha, taqiq Malayziya Davavianazorati ko‘rsatmasiga binoan parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etildi.

«Cheklovlar ilgari ro‘y bergan Samsung Galaxy Note 7 markadagi smartfonlarning yonib ketganligi holatlari munosabati bilan kiritilgan bo‘lib, shu sababli yo‘lovchilar smartfonni qo‘l yuki sifatida olib ketishlari, bagajga topshirishlari yoki Malayziyadan uchib ketadigan qatnovlarda yuk sifatida jo‘natishlari mumkin emas», — deyiladi xabarda.

Mazkur qurilmani «O‘zbekiston havo yo‘llari"ning boshqa yo‘nalishlarida olib ketishga cheklovlar joriy etilgani xabar qilinmadi.

Bunga qadar «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK yo‘lovchilarga litiyli batareyalarga ega portativ elektron qurilmalarni faqatgina qo‘l yuki sifatida havo kemasi salonida yoki qo‘lda olib ketishni tavsiya qilgan edi. Bundan tashqari, yo‘lovchilardan havo kemasi salonida bu kabi uskunalarni quvvatlamaslik so‘ralmoqda.