Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan jamiyat va davlat hayotining muhim sanalari munosabati bilan amnistiya aktlarini qabul qilish an’anaga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev taqdimnomasiga asosan Oliy Majlis Senati 12 oktyabrda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida"gi qaror davlatimizning ushbu yo‘nalishda olib borayotgan insonparvarlik siyosatining uzviy davomi bo‘ldi.

Amnistiya jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan davlat tomonidan ko‘rsatiladigan insonparvarlikning oliy namunasi bo‘lib, uning lug‘aviy ma’nosi kechirish, gunohidan o‘tish tushunchalarini anglatadi.

Boshqacha aytganda, amnistiya — jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan va jazodan to‘liq yoki qisman ozod qilish, jazo muddatini kamaytirish yoxud ushbu shaxslarning sudlanganlik holatini muddatidan ilgari olib tashlashdir.

Bundan ko‘zlanayotgan asosiy maqsad — fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, adashib jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan shaxslarga imkoniyat berib, ularni mahallasi, oilasi va farzandlari bag‘riga qaytarib, jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalashdan iboratdir.

Shu nuqtai nazardan, bu galgi amnistiya to‘g‘risidagi qarorda jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilish hamda o‘talmagan jazo muddatlarini qisqartirish nazarda tutilgani juda muhim.

Amnistiya to‘g‘risidagi qarorda birinchi navbatda, ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar va chet davlatlar fuqarolari, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, shuningdek, jazoni ijro etish yoki yashash joyidagi davolash muassasalarining tibbiy komissiyalari xulosasiga asosan sil kasalligining faol shakliga chalingan deb topilgan mahkumlar jazodan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Ayni chog‘da, Jinoyat kodeksining 167- va 168-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi va yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplamaganligi, o‘ta og‘ir jinoyat, shuningdek, Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok qilganligi va ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlar amnistiya ta’sir doirasiga tushmaydi.

Jumladan, shu toifada sudlangan ayollar, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar va chet davlatlar fuqarolari ham jazodan ozod qilinmaydi.

Qarorning 2-bandida ehtiyotsizlik orqasidan jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni qasddan sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinishi belgilangan.

Ammo Jinoyat kodeksining 167- va 168-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi va yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplamaganligi, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etganligi va ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlangan bo‘lsa, qarorning 2-bandida qayd etilgan shaxslar ham jazodan ozod qilinmaydi.

Amnistiya to‘g‘risidagi qarorning 3-bandiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, o‘talmay qolgan jazo muddati uch yildan ko‘p bo‘lmagan, hukm amnistiya e’lon qilingan kunga qadar kuchga kirgan mahkumlar jazodan ozod qilinadi.

Biroq Jinoyat kodeksining 167- va 168-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi va yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplamaganligi, Jinoyat kodeksining 97-moddasi, 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok qilganligi va ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlar qarorning 3-bandi ta’sir doirasiga tushmaydi.

Shuni ham qayd etish joizki, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining xulosasi, mahkumning chin ko‘ngildan pushaymonlik to‘g‘risidagi yozma arizasi, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining mahkumning amalda pushaymon bo‘lganligi to‘g‘risidagi xulosasi va mahkumning yaqin qarindoshlari hamda uning yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining kafillik xati bo‘lgan taqdirdagina amnistiya to‘g‘risidagi qarorning 4-bandi qo‘llanilishi mumkin.

Qarorning 6-bandida qasddan sodir etgan jinoyati uchun o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlarning o‘talmay qolgan jazo muddatini uchdan bir qismiga; qasddan sodir etgan jinoyati uchun o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning o‘talmay qolgan jazo muddatini to‘rtdan bir qismiga qisqartirish nazarda tutilgan.

Lekin Jinoyat kodeksining 97-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok qilganligi va ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlangan bo‘lsa, bunday mahkumlar qarorning 6-bandi ta’sir doirasiga tushmaydi.

Qarorning 7-bandida amnistiya akti tatbiq etilmaydigan shaxslar toifasi alohida ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan shaxslarga; o‘ta xavfli retsidivistlarga; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etganlarga; jazoni o‘tash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslarga; afv etish yoki amnistiya tartibida ilgari jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga; shuningdek, o‘lim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarga nisbatan amnistiya qo‘llanilmaydi.

Aytish kerakki, Oliy Majlis Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qarorining qo‘llanish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomning 1-bandiga ko‘ra, amnistiya to‘g‘risidagi qaror kuchga kirgunga qadar jinoyat sodir etgan va O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarga, ular jazoni qayerda o‘tayotganligidan qat’i nazar qo‘llaniladi.

Amnistiya to‘g‘risidagi qaror e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi va uning ijrosi uch oy mobaynida ta’minlanadi.

Binobarin, belgilangan bu muddat sudlarga alohida mas’uliyat yuklaydi. Chunki sudlar barcha instansiyalarda o‘zlarining ish yurituvida qaysi shaxslarning jinoyatlari haqidagi ishlar va materiallar bo‘lsa, shu shaxslarga nisbatan; hukm qonuniy kuchga kirgan, biroq ijro etilmagan, qamoqda saqlanmayotgan shaxslarga nisbatan; jinoyatlari haqidagi ishlar va materiallar tergov va surishtiruv organlari ish yurituvida bo‘lgan shaxslarga nisbatan prokurorning iltimosnomasiga ko‘ra; jazoni o‘tayotgan mahkumlarga nisbatan — jazoni ijro etish muassasasi yoxud organining boshlig‘i (harbiy xizmatchilarga nisbatan harbiy qism yoki intizomiy qism komandiri) tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida prokurorning iltimosnomasiga ko‘ra amnistiya to‘g‘risidagi qarorni qo‘llaydilar.

Shuni alohida qayd etish lozimki, amnistiya to‘g‘risidagi qarorning qo‘llanilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va ochiq-oshkoralikni ta’minlash maqsadida senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, halq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) mintaqaviy vakillaridan iborat ishchi guruhlarini tuzish va bu jarayonga ularning bevosita ishtirokini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan.

Hozirgi vaqtda respublika umumiy yurisdiksiya sudlari amnistiya qarorini belgilangan muddatlarda sifatli qo‘llashga mas’uliyat bilan yondashib, bunda xolislik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida, prokurorlar tomonidan amnistiya qarorini qo‘llash haqida kiritilayotgan iltimosnomalarni birinchi navbatda jazoni ijro etish muassasalariga, fuqarolarning yashash, ishlash va ta’lim olish joylariga borib sayyor sud majlislari tartibida uyushqoqlik bilan o‘tkazishga, shuningdek, amnistiya qarorini ijro qilish jarayonini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritishga alohida e’tibor qaratishmoqda.

Muxtasar aytganda, Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan amnistiya to‘g‘risidagi qarorning ta’sir doirasiga tushadigan har bir shaxs avvalambor, hayotda o‘zining munosib o‘rnini topib olish uchun berilayotgan imkoniyat zamiridagi bag‘rikenglik va kechirimlilik fazilatlarining asl mohiyatini chuqur anglab olishlari zarur.