Yaponiya hukumati O‘zbekistonda mahkamalararo mobil guruhlar tashkil etish yo‘li bilan afg‘on narkotiklariga qarshi kurash bo‘yicha loyihaga 263 mln yapon iyeni (2,5 mln AQSH dollariga yaqin) miqdorida moliyaviy ko‘mak ajratadi, xabar qildi “Turkiston-press” NAA. Loyiha BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT NJB) tomonidan amalga oshiriladi.

Yaponiya hukumati va BMT NJB o‘rtasidagi almanishuv notalarini imzolashga bag‘ishlangan marosim 20-oktyabr kuni Toshkentda boshqarmaning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasida bo‘lib o‘tdi. Hujjatlar Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Nobuaki Ito va BMT NJBning mintaqaviy vakoli Ashit Mittal tomonidan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotiklar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Milliy axborot-tahlil markazi direktori Ahmed Mansurov ishtirokida imzolandi.

“O‘zbekistonda mahkamalararo mobil guruhlar tashkil etish yo‘li bilan afg‘on narkotiklariga qarshi kurash” loyihasi faoliyati O‘zbekistonda narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash sohasida muammoli jihatlarni hal etish, shuningdek, jihozlar taqdim etish, infratuzilmalarni mustahkamlash, trening va seminarlar tashkil etish yo‘li bilan xodimlar malakasini oshirishga yo‘naltiriladi.

Dastur tadbirlari Milliy axborot-tahlil markazi bilan muvofiqlikda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari, jumladan, Milliy xavfsizlik boshqarmasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi ishtirokida amalga oshiriladi. Mahkamalararo mobil guruhlar joylarda temir yo‘l magistrallari bo‘ylab narkotiklar kontrabandasiga jalb etilgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik olib boradi.