20-oktyabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Prezident v. b. Shavkat Mirziyoyev tomonidan qonunchilik tashabbusi sifatida quyi palataga taqdim etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida“gi Qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Qonunchilik palatasi axborot xizmatining xabar qilishicha, muhokama chog‘ida qonun loyihasi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni keng ko‘lamda qonun yo‘li bilan tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirishga, shuningdek jamiyat hayotining barcha sohalarida bunday holatga to‘liq barham berishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murasasozlik muhitini yaratishga qaratilgani ta’kidlandi.

Parlament quyi palatasi deputatlari “Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ham birinchi o‘qishda qabul qildi. Deputatlar qayd etganidek, qonun loyihasi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanadigan maxsus qabulxonalarning huquqiy maqomi, ularni qabul qilish, saqlash hamda ozod qilish tartibi, huquq va majburiyatlari, intizomiy jazo choralari hamda ma’muriy qamoqni amalga oshirishga taalluqli boshqa qoidalarni nazarda tutadi.

Ushbu qonunning qabul qilinishi hibsga olingan shaxslarning huquq va erkinliklari himoyasi kafolatlarini mustahkamlashga, ma’muriy qamoq jazosini o‘tashning yagona amaliyotini ta’minlashga, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini hamda ushbu tizim xodimlarining mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.