19-oktyabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya siyosiy kengashi a’zosi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini Prezidentlikka tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.

O‘zLiDeP matbuot xizmatining xabar qilishicha, syezdda Shavkat Mirziyoyevning keng miqyosli islohotlarni amalga oshirish, mustaqil davlatchilik asoslarini barpo etish va mustahkamlashda, bozor tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi iqtisodiy tizimni shakllantirishda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovga uzoq yillar yelkadosh bo‘lib ishlagan inson ekanligi ta’kidlandi.

Mamlakat taraqqiyotining xozirgi bosqichida O‘zLiDePdan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod sifatida mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, o‘tgan yillar davomida yurtimizda amalga oshirilgan rivojlanish yo‘lini yangi, yuksak bosqichga ko‘tarishga qodir, islohotlarning tub mohiyatini aniq biladigan, ularni amalga oshirish jarayonlarining faol ishtirokchisi bo‘lgan, xalq taqdirini o‘z taqdiri bilan chambarchas bog‘lab, doimo el-yurt tashvishi bilan yashaydigan, tashabbuskor va tashkilotchi shaxs nomzodini ilgari surish zarurligi alohida qayd etildi.

Syezd ishtirokchilari chiqishlarida Shavkat Mirziyoyev o‘zining butun mehnat faoliyatini Vatan ravnaqiga bag‘ishlab kelayotgan inson ekanligi, o‘zining amaliy faoliyati bilan yurtdoshlarimiz orasida haqli ravishda katta hurmat va obro‘-e'tibor qozongangani qayd etildi. Ular O‘zLiDeP tomonidan ko‘rsatilayotgan nomzod shu yilning 4-dekabrida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirdi.

Syezd ishtirokchilari tomonidan yurtimizda har tomonlama o‘zini oqlagan islohotlarning davomiyligini, Vatanimizdagi tinchlik va osoyishtalik, xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida faol ish olib borish vakillik organlarida eng ko‘p deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lgan yetakchi siyosiy kuch sifatida O‘zLiDeP uchun bundan buyon ham asosiy maqsad bo‘lib qolishi ta’kidlandi.