20-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida O‘zbekiston Prezidentining qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar qildi.

Қонун loyihasi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, korrupsiyani ijtimoiy hayotning barcha sohalaridan to‘liq bartaraf etishga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi fuqarolar huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlashning qo‘shimcha huquqiy kafolatlarini yaratishi, xususiy mulk huquqiga g‘ayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga shuningdek, ishchanlik faolligi o‘sishiga hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi oshishiga xizmat qiladi.

“Qonun loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari, davlat siyosatining muhim yo‘nalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtirokining nazarda tutilayotgani mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida olib borilayotgan ishlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ladi, — deydi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Shuxrat Mamajonov”.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi qaroriga muvofiq, qonun loyihasiga Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi mas’ul etib belgilandi va ishchi guruhi shakllantirildi.