Futbol bo‘yicha O‘zbekiston termasi 19 yoshgacha o‘yinchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida muddatidan avval chorak finaldagi o‘rnini naqd qildi. 18-oktyabr kuni Manamada (Bahrayn) bo‘lib o‘tgan ikkinchi tur uchrashuvida terma jamoa Avstraliya ustidan 3:2 hisobiga g‘alaba qozondi.

Uchrashuvning 46-daqiqasigacha Jasur Abduraimov qo‘l ostidagi jamoa Bobir Abduxoliqov goli hamda Doston Ibragimovning dubli evaziga 3:0 hisobida oldinga chiqib oldi.

55-daqiqada Islomjon Qobilov ikkinchi sariq kartochkani olib, o‘yindan chiqib ketdi. Avstraliyaliklar bundan unumli foydalangan holda hujumni kuchaytirdi hamda Liam Yulley va Jorj Blekvud gollari evaziga hisobni qisqartirdi.

Birinchi turda Tojikiston termasini mag‘lubiyatga uchratgan (2:1) O‘zbekiston Avstraliya bilan o‘yindan so‘ng 6 ochko bilan D guruhi peshqadamiga aylandi.

21-oktyabr kuni 21:30 da O‘zbekiston jamoasi Xitoy termasi bilan o‘ynaydi.

Video