O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning sentyabr oyi oxirida ochilgan virtual qabulxonasiga fuqarolardan muammolari tezda hal qilinayotgani uchun minnatdorlik xatlari kelib tushmoqda. O‘zA ayrim maktublardan parchalarni e’lon qildi.

Yangiyo‘llik Alisher Tursunov shu yil boshida tuman Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi o‘tkazgan tanlovda g‘olib bo‘lib, 38 gektar yerda «Baxt Kamol Erki» fermer xo‘jaligini tashkil etgan. Fermerning aytishicha, bu yil g‘alla shartnomasini 110 foizga bajarib, niyati g‘allaning puliga kichikroq bir traktor sotib olish edi. Biroq «O‘zdonmahsulot» AK tarkibidagi «G‘alla-Alteg» aksiyadorlik jamiyati fermer xo‘jaligining 50 million so‘m pulini bermay, tadbirkorni uch oy sarson qilgan.

«Shu uch oy ichida deyarli barcha vakolatli tashkilotlarning «Ishonch telefoni"ga qo‘ng‘iroq qildim, foydasi bo‘lmadi, bu yoqda yerni haydab bergan traktorchilar kunora uyimga kelib pulini qistaydi, — deydi Alisher Tursunov. — Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaatimdan so‘ng uch oyda bitmagan ishimni uch kunda hal qilib berishdi: ko‘nglim tog‘day ko‘tarilib ketdi, traktorchilardan ham qarzimni uzdim».

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidan Gulixon Vafoyeva 6 oktyabrda uch masala bo‘yicha amaliy yordam so‘rab, ariza tashlagan edi: oilaviy, qishloq sharoiti va mobil aloqa yaxshi emasligi haqida. «Mutasaddilar kelib, oilaviy va qishloq xo‘jaligi masalalarini hal qilib berishdi. Mobil kompaniya vakillari qishlog‘imizga antenna o‘rnatish bo‘yicha ishlarni boshlab yubordi».

Buxoro viloyati Olot tumanida istiqomat qiluvchi Norjon Safarova yaqinda do‘kondan ikki qop un sotib oladi. Aytishicha, avvalo, plastik kartochka orqali savdo qilgani uchun unga unni qimmatroq sotishadi. Boz ustiga birinchi nav deb berilgan un ancha sifatsiz bo‘lib chiqadi. Norjon Safarova do‘kondor bilan kelisholmagach, adolat izlab tuman soliq idorasiga boradi. U yerda ayolga Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining «Ishonch telefoni"ga murojaat qilishni aytishadi. Qo‘mitaning hududiy boshqarmasidan Norjon opani Olot tumani davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga yuborishadi. Bu yerda Safarova sifatsiz unni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazib, shu xulosa asosida sudga murojaat etishi kerak edi. Ikki qop un keltirgan shuncha dahmazadan boshi gangigan ayol «ikki qop unga kuydim-da», deb shalvirab uyiga qaytarkan, televideniye orqali Bosh vazirning virtual qabulxonasi haqida eshitib qoladi.

«Darhol 1000 qisqa raqamiga murojaat qildim, masala tezda hal bo‘ldi, — deydi Norjon Safarova. — Ishim-ku bitdi, lekin o‘ylayman-da: odam hatto aytishga xijolat bo‘ladigan shunday kichik masalani Bosh vazir darajasigacha olib borish kerakmi? Shularni tuman doirasida hal qilsa bo‘lmaydimi? Bunga nima xalal beradi? Hammaga ma’lum gap: quyi bo‘g‘inlardagi ayrim rahbaru xodimlar qog‘ozda go‘yo hamma masalani hal qilaverar, bu muammolar aslida hayotda yechilmay yoki ahvol o‘zgarishsiz qolaverardi».

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi «Texygen» MCHJ Rossiyaga ip-kalava mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Shu yil 1 oktyabrda «Agrobank"ning Marg‘ilon shahar filiali va Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi ulangan tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimida yuz bergan nosozlik tufayli eksport to‘xtab qoladi. «6 oktyabrda bosh vazirning virtual qabulxonasiga amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edik. Bank va bojxona xodimlarining xizmatlari tufayli 7 oktyabrda korxonamizdan 42 ming AQSH dollarilik mahsulot eksporti amalga oshirildi», — deyiladi «Texygen» MCHJ direktor o‘rinbosari Avazxon Mo‘minovning pm.gov.uz manziliga jo‘natgan xatida.

«Mahallamizda sement qoplash ishlari bajarilayotgani oqibatida zararli changdan yon-atrofdagi 40−50 xonadon ahli, ayniqsa, farzandlarimizning tez-tez allergiya bo‘lishidan aziyat chekayotgan edik. Bir yil davomida javobsiz qolgan arizamizni besh kunda hal qilib bergani uchun barchamiz bosh vazirimiz Shavkat Mirziyoyevdan minnatdormiz. Ekologiya sohasi xodimlari kelib, bu muammoga chek qo‘yishdi», deya xat yo‘llagan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi Muzaffar Abdurahmonov.

«2014 yildan beri hovlimning kadastr hujjatini qilolmayotgan edim. Virtual qabulxonaga murojaatimdan bir kun o‘tib, uyimga tuman kadastr xizmati xodimlari kelib, hovlimning kadastr hujjati tayyor ekanini aytishdi. Bu portal — chin ma’noda xalq minbari, muammolar va ularning yechimi aks etadigan ko‘zgu bo‘lmoqda. Bunga o‘z hayotimda amin bo‘ldim», — deya minnatdorlik xati yo‘llagan Toshkent shahri Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Saida Sodiqova.

Chirchiq shahridan Temur Kindus shunday yozadi: «4 oktyabrda „O‘zsanoatqurilishbank“ ATB Chilonzor filiali xodimlarining milliy valyutani xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish bo‘yicha bergan rad javobi yuzasidan qilgan murojaatim ertasi kuniyoq hal bo‘ldi».

Navoiy shahridan Baxtiyor Useinov ham o‘z xatida pm.gov.uz manziliga murojaatdan so‘ng «qisqa vaqtda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki 500 AQSH dollarini konvertatsiya qilib bergan"ini yozgan.

Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaatdan so‘ng Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi Dilshod Abduvaliyev, Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Oyto‘la Solihova xonadonlarida gaz ta’minotidan noto‘g‘ri hisoblangan katta miqdordagi qarzdorlik bekor qilindi. Olmazor tumanida yashovchi Marvaridxon Ibragimova «Katta rahmat, prokuratura xodimlari elektr ta’minotini tiklashga yordam berishdi. Har qanday murojaat nihoyatda tezkorlik bilan o‘rganilib, muammolar bartaraf etilmoqda», deb yozsa, «Bunday tezkorlik va hozirjavoblikka qoyilmiz! Shikoyatimiz darhol o‘rganilib, muammo barham topdi: hovli sahni toza, ozoda, hamma axlat olib tashlanib, yon-atrof tartibga keltirilibdi. Barchasi uchun katta rahmat!», — deya rahmat yo‘llagan chilonzorlik Anastasiya Li.

Turli masalalarda yordam va ko‘mak so‘rab qilinayotgan murojaatlar ham o‘z vaqtida hal bo‘lmoqda. Buxoro tumani «Shergiron» qishloq fuqarolar yig‘inidan Niginabonu Baqoyeva shu yil 25 sentyabrda yuborgan murojaati asosida ish bilan ta’minlandi. Farg‘ona shahridan Ro‘zmatjon Ahmedov «murojaatimdan so‘ng meni Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga chaqirishib, yaqin kunlarda ish berilishini aytishdi. Ishga kirishimdan ham ko‘ra, bosh vazirimizning bizday oddiy fuqarolarning murojaatiga shunday yuksak e’tiboridan behad quvondim», deb yozadi. Xorazm viloyati Urganch tumanidan Oybek Ernazarov ham yordam so‘rab yozgan murojaati e’tiborga olingani uchun bir umr minnatdor ekanini o‘z xatida ta’kidlagan: «Bugun uyimizga hokimiyatdan mutasaddilar kelib, singlimni tez orada Toshkentga yuborib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazishda yordam berajaklarini aytib ketishdi. Bu yaxshiliklarni hech qachon unutmaymiz». Virtual qabulxonaga murojaatidan so‘ng Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashovchi Shahribonu Axtamovani O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligiga chaqirib, san’atda o‘z yo‘lini topishiga yordam ko‘rsatishga va’da berishdi.

Virtual qabulxonaga faol yoshlarimizdan ham ko‘plab xatlar kelib tushmoqda. Chilonzorlik «Kamolot» YOIH faoli Dilyara Meldebekova mamlakatning qator shaharlarida yangi ko‘p qavatli turar-joylar barpo etish borasidagi xayrli tashabbus uchun minnatdorlik bildirgan. Ular orasida poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 44-maktabning 5-sinfida o‘qiyotgan Emir-Asan Boqiyev bosh vazirning Sergeli tumanidagi maktablardan biriga borganini eshitib, uni o‘z maktabiga taklif etgan.

Ko‘plab murojaatlar va ularga berilgan javoblarni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi bosh vazir sahifasi orqali ham tanishib borish mumkin.