18 oktyabr kuni poytaxt hokimi “Toshkent shahrida 2016−2017 yilgi isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi, xabar berdi shahar hokimligi axborot xizmati.

Qarorga ko‘ra, sovuq havo oqimining kirib kelishi munosabati bilan aholiga qulayliklar yaratish, ijtimoiy soha ob’ektlarida xizmat ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilash maqsadida poytaxtda markazlashgan issiqlik ta’minotidan foydalanuvchi iste’molchilarni issiqlik bilan ta’minlashga o‘tiladi.

Hujjatda issiqlik ta’minoti va ijtimoiy soha obyektlari rahbarlariga tuman hokimliklari bilan hamkorlikda ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan, ta’lim muassasalari, kasalxona va poliklinikalarni 19 oktyabrdan, aholi turar-joy binolarini esa 20 oktyabrdan muntazam isitishga kirishishni tashkil etish topshirilgan.

“Toshkent issiqlik elektrmarkazi”, “Toshkent issiqlik markazi” va “Toshissiqquvvati” korxonalariga 2016−2017 yilgi isitish mavsumi davrida uzluksiz tabiiy gaz, suv ta’minoti va elektr energiyasini yetkazib berish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasiga ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti tizimining barqaror ishlashi uchun mutasaddi xodimlar va aholi tomonidan qoidalarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.